Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati uchta zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qadamni taklif qilmoqda:
— Energetika infratuzilmasi ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish;
— Qora dengizdagi don yo‘lagi faoliyatini qayta tiklash;
— AQSH, Rossiya va Ukraina yetakchidari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish.
"Uchrashuv uchun ehtimoliy joy sifatida Abu-Dabi tilga olinmoqda. Biz istalgan davlatda, istalgan formatda uchrashuv o‘tkazishga tayyormiz", — dedi Ukraina yetakchisi.
Shuningdek, Zelenskiy Tramp bilan Nyu-Yorkdagi uchrashuvida dekabr oyida Maymida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan G20 sammitini uch tomonlama oliy darajadagi uchrashuv uchun yana bir ehtimoliy maydon sifatida taklif qilganini aytdi.
"Hozir muhokama qilinayotgan taklif energetika sohasida sulh. Biz bunga tayyormiz", — dedi Zelenskiy.
Shu bilan birga, Zelenskiy Putinning niyatlariga hanuz shubha bilan qarashini aytdi. Uning fikricha, Rossiya prezidenti uch tomonlama uchrashuvdan qochish uchun turli bahonalarni keltirishi mumkin.
Axios nashri manbasining xabar berishicha, Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev payshanba kuni Nyu-Yorkda Donald Trampning vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan Qo‘shma Shtatlarning so‘nggi takliflarini muhokama qiladi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvdan so‘ng Tramp Putinni Mayamidagi G20 sammitida ishtirok etishga taklif qilganini aytgandi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml taklif uchun minnatdor ekanini va u ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.