Agar Moskva Vashington Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha taklif qilgan kelishuvni rad etsa, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilishi mumkin.
Bu haqda Amerika yetakchisi Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bu Rossiya tinchlikka erishishga qaratilgan xatti-harakatlarni namoyish etadimi-yo‘qmi, bunga bog‘liq”, dedi u bu boradagi savolga javob berar ekan.
Aprel oyi boshida har ikki partiyadan bir guruh amerikalik senatorlar Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha Vashington taklif qilgan kelishuvni rad etsa, Rossiya va uning savdo hamkorlariga qarshi birlamchi va ikkilamchi sanksiyalar qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etgan edi .
Taklif Rossiyadan neft, gaz, uran va boshqa tovarlarni sotib oluvchi mamlakatlar tovarlariga 500% import bojini o‘z ichiga olgan. Qonun loyihasi senatorlar Lindsi Grem (R-SC) va Richard Blumental (D-CT) tomonidan taqdim etilgan.