AQSh harbiylari Sharqiy Tinch okeanida giyohvand moddalar savdosi uchun foydalaniladigan kemaga yana bir zarba berdi.
AQSh Janubiy qo‘mondonligi bu haqda ijtimoiy tarmoqda sahifasida e’lon qildi.
"Razvedka kema Sharqiy Tinch okeanida ma’lum giyohvand moddalar kontrabandasi yo‘llari bo‘ylab harakatlanayotganini va giyohvand moddalar savdosi uchun ishlatilganini tasdiqladi", deyiladi bayonotda.
Qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, zarbada ikki kishi halok bo‘lgan va bir kishi tirik qolgan.
Janubiy qo‘mondonlik shuningdek, AQSh Sohil Xavfsizlik Xizmatiga qidiruv-qutqaruv tizimini faollashtirish haqida xabar bergan.
Operasiya davomida AQSh harbiy xizmatchilaridan hech biri jarohat olmagan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset o‘tgan yilning noyabr oyida giyohvand moddalar kartellariga qarshi kurashish uchun "Janubiy Nayza" operasiyasi boshlanganini e’lon qilgan edi.