AQSh rasmiylari 23 sentyabr kuni Suriyaga 36 ta o‘g‘irlangan qadimiy osori-atiqalarni qaytarganini ma’lum qildi. Ular orasida ISHID terrorchilari Palmiradagi qadimiy obidalarni vayron qilgan paytda noqonuniy olib chiqib ketilgan tosh ham bor. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, umumiy qiymati 5 million dollardan oshadigan bu buyumlar Nyu Yorkdagi Metropoliten san’at muzeyi hamda bir qancha kolleksionerlardan musodara qilingan. Manxetten okrug prokurori Alvin Braggning aytishicha, madaniy merosni asrash har qanday chegara va millat tushunchasidan ustun turadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, og‘irligi 450 kilogrammdan oshadigan ohaktosh YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Palmira shahridan olib chiqib ketilgan. Keyinchalik, 2015–2017 yillarda ISHID a’zolari ushbu qadimiy shaharning katta qismini portlatib, yo‘q qilib tashlagan edi.
Bu yo‘nilgan tosh haykalda yotgan erkak hamda uning atrofidagi ayol va uch nafar bola tasvirlangan.
Qaytarilgan osori-atiqalarning to‘rttasi amerikalik kolleksioner Maykl Steynxardtdan tortib olingan. U 2021 yilda AQSh hukumati bilan tuzilgan bitim doirasida dunyo bo‘ylab o‘g‘irlangan, umumiy qiymati 70 million dollarga teng 180 ga yaqin eksponatni topshirgandi.
Metropoliten muzeyidan musodara qilingan 13 ta buyum esa prokuratura tomonidan 2017 yildan beri ushbu muassasadan olib qo‘yilgan 98,7 million dollarlik 402 ta osori-atiqa qatoriga kiradi.