"Bu so‘nggi 24 soat ichida Suriyada faoliyat yuritayotgan amerikalik xodimlarga qilingan hujumlarga javob bo‘ldi", deya hujumga izoh berdi AQSh Markaziy qo‘mondonligi.
Ma’lum qilinishicha, hammasi bo‘lib to‘qqizta nishonga zarba berilgan. Harbiylar qaysi ob’ektlar nishonga olingani va ularni qaysi guruhlar nazorat qilayotganiga aniqlik kiritmadi. Biroq ularning harakatlari Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligi, zarbalar esa bu qurolli guruhlarning AQSh va xalqaro koalisiya kuchlariga hujum qilish imkoniyatlarini kamaytirishi qayd etildi.
AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi Amerika harbiy kontingenti 900 ga yaqin kishidan iborat bo‘lib, xalqaro koalisiya tarkibida ISHID terrorchilariga qarshi kurashmoqda. Oktyabr oyida AQSh harbiylari havo hujumlari natijasida ISHIDning 35 nafar jangarisi yo‘q qilinganini ma’lum qilgan edi.