Bugun 31 may, 2026 yil, yakshanba

КИР

AQSh sudi Tramp ma’muriyatining $1,8 milliardlik jamg‘armasini to‘xtatib qo‘ydi

AQSh sudi Tramp ma’muriyatining $1,8 milliardlik jamg‘armasini to‘xtatib qo‘ydi

Reutersning xabar berishicha, AQSh federal sudi prezident Donald Trampning hukumat tomonidan amalga oshirilgan “siyosiy ta’qiblar” qurbonlariga tovon to‘lash uchun tashkil etilayotgan qariyb 1,8 milliard dollarlik jamg‘arma faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

Virjiniya shtati Sharqiy okrugi sudyasi Leoni Brinkema chiqargan qarorga ko‘ra, Tramp ma’muriyatiga jamg‘armani tashkil etish yoki uning ishini boshlash bo‘yicha har qanday keyingi harakatlarni amalga oshirish taqiqlandi. Ushbu qaror kamida 12 iyungacha amal qiladi.

Adliya vazirligi o‘tgan hafta Trampning soliq deklarasiyalari oshkor bo‘lishi yuzasidan Soliq xizmatiga (IRS) qarshi da’vosi bo‘yicha kelishuv doirasida “Hukumat tomonidan ta’qiblarga qarshi jamg‘arma” (Anti-Weaponization Fund) tashkil etilishini ma’lum qilgan edi.

"1,776 milliard dollarlik ushbu jamg‘arma besh nafar a’zodan iborat komissiya nazoratida bo‘lishi rejalashtirilgan. Jamg‘arma “siyosiy bosim” yoki “qonun orqali ta’qib” qurboni bo‘lganini isbotlay olgan shaxslarga kompensasiya to‘lashi kerak edi. Bu atamalarni Tramp va uning tarafdorlari o‘zlariga qarshi olib borilgan tergovlar va jinoiy ishlarga nisbatan qo‘llab keladi", deyiladi Reuters xabarida.

Sud qarori Democracy Forward tashkiloti tomonidan berilgan da’vo asosida qabul qilingan. Tashkilot Tramp ma’muriyati tomonidan siyosiy raqib sifatida nishonga olingan shaxslar mazkur jamg‘arma mablag‘laridan foydalana olmasligini ta’kidlagan.

Mazkur jamg‘arma hatto Trampning ayrim respublikachi tarafdorlari tomonidan ham tanqid qilingan. Ular 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga qilingan hujum ishtirokchilari ham davlat mablag‘lari hisobidan tovon olishi mumkinligidan norozi bo‘lgan. Tanqidchilar esa bu jamg‘armani Donald Trampning siyosiy ittifoqchilarini rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan “maxfiy sarmoya fondi” deb atashmoqda.

Kiritildi: Bugun 13:25. O'qildi: 188 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!