Shu bilan birga, bu qadam Vashingtonning Moskvaga nisbatan sanksiyalar siyosati o‘zgarganini anglatmasligi ta’kidlandi.
Donald Trump ma’muriyati juma kuni Rossiya hukumati va bank sohasida faoliyat yuritgan veteran Mikhail Zadornovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda Reuters AQSh Moliya vazirligi bayonotiga tayanib xabar qildi.
Zadornov 1997–1999 yillarda moliya vaziri lavozimida ishlagan, 2005 yildan esa Rossiya davlat banki VTB Bankning sho‘’ba korxonasi «VTB 24»ga rahbarlik qilgan. Keyinchalik u 2018 yilda milliylashtirilganidan so‘ng «Otkritiye» bankini boshqargan.
Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Zadornov AQSh sanksiyalari ostiga tushgan, ammo keyinchalik u norozilik bildirib, ariza topshirgan va uning iltimosi qanoatlantirilgan, deb xabar berdi Reuters manbasi.
Manbaga ko‘ra, Zadornovning sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishi Vashingtonning Moskvaga nisbatan pozisiyasi o‘zgarganini anglatmaydi.
«Jismoniy shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etish ham, ularni bekor qilish ham AQSh tashqi siyosiy maqsadlarini amalga oshirish vositasidir», — dedi rasmiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, sanksiyalarning maqsadi jazolash emas, balki AQSh manfaatlariga mos keladigan ijobiy xulq-atvor o‘zgarishiga erishishdir.