Reuters agentlishining manbalariga tayanib xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar harbiylari Rossiya bayrog‘i ostida suzgan va Venesuela neftini yetkazib berishga bog‘liq bo‘lgan Marinera (avvalgi nomi Bella 1) neft tankerini qo‘lga oldi.
Operasiya kema Atlantika okeanida ikki haftadan ortiq vaqt davomida ta’qib qilingandan so‘ng o‘tkazilgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hujum haqida qaror tanker Qo‘shma Shtatlarning Venesuela sohillari yaqinidagi dengiz blokadasi zonasidan chiqqanidan keyin qabul qilingan.
Tankerni qo‘lga olish operasiyasida AQShning Boeing KC-135T Stratotanker yonilg‘i quyish samolyoti, Boeing P-8A Poseidon patrul samolyoti, bir nechta Pilatus U-28A Draco maxsus vazifali samolyotlari hamda vertolyotlar ishtirok etgan.
"AQSh amaliyoti vaqtida tanker yaqinida Rossiya harbiy kemalari va suvosti kemasi bo‘lgan, biroq ular hech qanday harakat qilmagan. Ushbu hodisa Vashington va Moskva o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin", deya yozmoqda Reuters.