AQSh maxsus xizmatlari prezident Donald Trampning atrofidagi shaxslardan biri va xorijiy razvedkaga aloqador shaxs o‘rtasidagi "g‘ayritabiiy" telefon suhbatini qayd etdi. Shu bilan birga, milliy razvedka rahbari Tulsi Gabbard ushbu ma’lumotning tarqalishiga to‘sqinlik qilgan.
Bu haqda "The Guardian" gazetasi vaziyatdan xabardor anonim informatorning advokatiga tayanib yozmoqda.
"O‘tgan bahorda Milliy xavfsizlik agentligi (ANB) xorijiy razvedkaga aloqador shaxs va Donald Trampga yaqin bo‘lgan inson o‘rtasidagi g‘ayritabiiy telefon suhbati dalilini aniqladi... o‘tgan hafta Vashingtonni larzaga keltirgan o‘ta maxfiy kommyunike milliy razvedka direktori Tulsi Gabbardning e’tiboriga havola qilingan edi", — deb xabar beradi nashr.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Gabbard ANB xodimlariga ma’lumotni tarqatish imkonini berish o‘rniga, razvedka ma’lumotlarining qog‘oz nusxasini bevosita prezident apparati rahbari Syuzi Uaylsga topshirgan.
Gabbard Uayls bilan uchrashuvdan so‘ng ANBga razvedka hisobotini e’lon qilmaslik haqida ko‘rsatma berganini ma’lum qilgan: buning o‘rniga o‘ta maxfiy materiallar to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning idorasiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan. Milliy razvedka direktorining so‘zlariga ko‘ra, hisobot hatto informator ma’lumotlarni Kongressning razvedka bo‘yicha qo‘mitasiga berishni talab qilgan paytda ham "qulf ostida" qolgan.
Gabbard idorasi vakillari ushbu ayblovlarni inkor etib, ularni siyosiy motivlarga ega va asossiz deb atashdi.