Gonkongda joylashgan kompaniya Panama kanalining ikki asosiy portidagi ulushining salmoqli qismini AQSh “BlackRock” investisiya firmasi boshchiligidagi guruhga sotishga rozi bo‘ldi, deb yozdi BBC.
Ushbu savdo Prezident Donald Tramp kanal hozir Xitoy nazorati ostida ekani, aslida asosiy yuk tashish yo‘lini Amerika nazorat qilishi kerakligini bir necha bor da’vo qilgandan so‘ng amalga oshirildi.
Gonkonglik milliarder Li Ka-shing tomonidan asos solingan “CK Hutchison Holding” korxonasi Atlantika va Tinch okeanidan kanalga o‘tish nuqtasidagi portlarni boshqaradi. Kecha u o‘z ulushini 22,8 milliard dollarga sotayotganini aytdi.
Bitim dunyoning 23 mamlakatidagi 43 port, jumladan ikkita kanal terminaliga daxldor. Darvoqe, kelishuv amalga oshishi uchun Panama hukumati roziligi ham talab qilinadi.
Panamaning 51 mil (82 km) qismi Markaziy Amerikani kesib o‘tib, Atlantika va Tinch okeanlarini bog‘lovchi asosiy tizim hisoblanadi. Har yili bu oqimdan 14 000 gacha suv transporti, jumladan avtomobil, tabiiy gaz va boshqa yuklarni tashuvchi hamda harbiy kemalar o‘tadi.
XX asr boshida qurilgan inshoot ustidan nazoratni 1977 yilga qadar AQSh saqlab turdi. Keyinchalik tuzilgan shartnomalar tufayli 1999 yildan Panama boshqaruvni qo‘liga oldi.
Tramp hozir kanal va yon atrofdagi hududlarni qaytarib olish uchun tirishmoqda. Uning ta’kidlashicha, Xitoyning kanalga ta’siri milliy xavfsizlikka tahdiddir.