Bugun 3 mart, 2025 yil, dushanba

КИР

AQSh Kanada va Meksika bilan savdo urushini boshlaydi

AQSh Kanada va Meksika bilan savdo urushini boshlaydi

1 fevraldan boshlab AQSh Kanada va Meksikadan import qilinadigan mahsulotlarga 25% boj solishni boshlaydi, deb e’lon qildi AQSh prezidenti Donald Tramp. Unga ko‘ra, bu qaror savdo tanqisligini qisqartirish, noqonuniy migrasiya va fentanil oqimiga qarshi kurash maqsadida qabul qilingan. Trampning aytishicha, fentanil Kanada va Meksika chegaralari orqali AQShga kirib kelmoqda.

Tramp neft importiga boj solish masalasida hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini ta’kidladi. Bu masala ayniqsa muhim, chunki bugungi kunda AQShda qayta ishlanayotgan neftning 40% chet eldan keladi, eng katta yetkazib beruvchi esa Kanada hisoblanadi.

Agar energiya resurslariga ham boj solinsa, bu yoqilg‘i va kundalik mahsulotlar narxining oshishiga olib kelishi mumkin. Natijada, Trampning amerikaliklar uchun yashash xarajatlarini pasaytirish bo‘yicha va’dalariga putur yetishi ehtimoli bor.

Kanada va Meksika agar bojxona to‘lovlari joriy etilsa, javob choralarini ko‘rishlarini allaqachon e’lon qilishdi. Biroq, har ikkala davlat ham AQShni bu qarorni qayta ko‘rib chiqishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda, chunki bu uch davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

AQSh – Kanada va Meksikaning eng yirik savdo hamkori.

Kanada esa AQSh mahsulotlari uchun eng katta bozor bo‘lib qolmoqda.

Har kuni AQSh va Kanada bir-biriga $3,6 milliardlik mahsulot va xizmatlar yetkazib beradi.

Oq uyda so‘zga chiqqan Tramp bojlarning joriy etilishini fentanil tahdidi bilan oqladi. Uning fikricha, Xitoy ham bu muammoga javobgar, chunki aynan Xitoydan kelayotgan fentanil yuz minglab amerikaliklarning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Shu sababli, Tramp Xitoy mahsulotlariga nisbatan qo‘shimcha tariflar joriy etmoqchi, lekin ularning aniq qachon kuchga kirishini ma’lum qilmadi.

Tramp prezidentlik kampaniyasi davomida Xitoy mahsulotlariga 60% gacha boj solish bilan tahdid qilgan edi. Biroq, Oq uyga qaytgach, bu masalani batafsil o‘rganishni hukumatga topshirdi.

Bu orada, Xitoy AQShning agressiv savdo siyosatidan xavotir bildirgan. Davos iqtisodiy forumida so‘zga chiqqan Xitoy vise-premeri Din Syuyexsyan Pekinning o‘zaro manfaatli savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish va importni oshirish niyatida ekanligini bildirdi. Biroq, AQSh murosaga tayyor emas.

Hozirgi vaqtda AQShning Xitoydan importi 2018 yil darajasida qolmoqda. Iqtisodchilarning fikricha, bunga Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida joriy etilgan bojlar sabab bo‘lgan.

Savdo urushi qanday davom etishi hali noaniq, ammo Trampning yangi iqtisodiy strategiyasi Kanada, Meksika va Xitoy bilan keskinlikni kuchaytirishi aniq.

Kiritildi: 01:05 01.02.2025. O'qildi: 1262 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!