Xitoy yaqinda Shimoliy Afrika davlati Misr bilan ilk bor qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Bu paytda AQSh Eron bilan munosabatlar keskinlashgani sababli Yaqin Sharqda o‘z kuchlarini to‘plamoqda.
Xitoy rahbari Si Szinpin mintaqadagi ta’sirini mustahkamlash uchun Afrikaga 51 milliard dollar mablag‘ ajratishni va’da qilgan. Xitoy Misr bilan munosabatlarini "keng qamrovli strategik sheriklik" deb baholaydi va ikki mamlakat "oltin o‘n yillik" sari ilgarilamoqda.
Bu Xitoy harbiylarining o‘tgan yilgi yozdan beri Misrga ikkinchi tashrifi bo‘ladi. O‘shanda ular avgust oyi oxiridan sentyabr oyi boshigacha bo‘lgan havo ko‘rgazmasiga havo kuchlari akrobatik guruhining yettita J-10 qiruvchi samolyoti va bitta Y-20 transport samolyotini yuborgan edi.
Xitoy Mudofaa vazirligi chorshanba kuni o‘z veb-saytida e’lon qilishicha, Xitoy va Misr harbiy-havo kuchlari aprel oyining o‘rtalaridan may oyining boshlarigacha Misrda "Sivilizasiya burgutlari 2025" nomi ostida qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazadi.
Elonda aytilishicha, Xitoy harbiy-havo kuchlarining bir bo‘linmasi Misrga yuboriladi, biroq bo‘linma nomi yoki jo‘natiladigan qurol-aslaha turi kabi batafsil ma’lumotlar keltirilmagan. Harbiy mashg‘ulotlarning aniq sanasi ham hozircha noma’lum.