The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Eronning Minob shahridagi boshlang‘ich maktabga qilingan raketa hujumi uchun javobgar bo‘lishi mumkin.
Nashr dastlabki tergov materiallari bilan tanish manbalarga tayanib xabar berishicha, maktabga “Tomahawk” raketasi bilan berilgan zarba AQSh harbiylarining nishonni aniqlashdagi xatosi tufayli sodir bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh harbiylari maktab yaqinida joylashgan Eron harbiy bazasini nishonga olmoqchi bo‘lgan. Biroq zarba koordinatalari AQSh Mudofaa razvedka boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan eskirgan ma’lumotlar asosida belgilangan.
Manbalarning ta’kidlashicha, tergov xulosalari hozircha dastlabki hisoblanadi. Shu bilan birga, nima uchun eski ma’lumotlar qayta tekshirilmagani hali ham asosiy savol bo‘lib qolmoqda.