Turkiya tashqi ishlar vaziri Xakan Fidan Donald Tramp o‘z ma’muriyatiga kiritishni rejalashtirayotgan nomzodlar haqida fikr bildirdi. A Haber telekanali orqali so‘zlagan vazir Isroilga AQShdan faol yordam kutilayotganini ta’kidladi.
«Isroilni qo‘llab-quvvatlash aslida Amerika ichki siyosatining bir qismiga aylandi, ayniqsa Kongressda. Bu biz uchun kutilmagan hodisa emas», dedi Fidan.
Biroq Turkiya Tramp saylovoldi kampaniyasida bergan va’dalarini bajarib, yangi mojarolarning oldini olishiga umid qilmoqda. Fidan Anqara AQShning yangi prezidentidan Falastin muammosiga alohida e’tibor qaratishini kutayotganini ta’kidladi.
“Janob Tramp saylov kampaniyasi davomida Amerika xalqi va jahon hamjamiyatiga bergan va’dasini bajaradi, deb umid qilamiz. U yangi urushlarni boshlamasligini va ularning oldini olishini bildirdi. Umid qilamizki, u Falastin muammosiga alohida e’tibor qaratadi», - deya ta’kidladi Turkiya TIV rahbari.
Vazir, shuningdek, demokratlarning saylovlardagi mag‘lubiyatiga AQShning Falastinga nisbatan siyosatidan norozi bo‘lgan musulmonlar va arablar o‘rtasida qo‘llab-quvvatlovni yo‘qotgani sabab bo‘lganini taxmin qildi.