Joriy yilning 7 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘ston tumanidagi tadbirda sovuq havoda o‘quvchilar yupun kiyimda raqsga tushgani aks etgan video tarqaldi.
Holatga Bo‘ston tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur tadbir joriy yilning 7 dekabr kuni Bo‘ston tumani “Mehnatobod” Mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli yangi ko‘cha ochilish marosimidagi tadbirdan olingan.
Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda tuman hokimligi madaniy tadbir dasturidan bexabar bo‘lganligi sababli ushbu dasturga bolalar raqsi kiritilgan.
Ushbu vaziyatda bolalar tashqarida 5 daqiqa bo‘lganligiga qaramay ularning salomatligi hamda xavfsizligini inobatga olib, mazkur salbiy holatga yo‘l qo‘ygan tegishli mutasaddilar aniqlanib, intizomiy chora ko‘rilishi rejalashtirilmoqda.
“Xulosa o‘rnida maktab o‘quvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ta’limdan tashqari turli tadbirlarga jalb etilmasligini, ob-havo harorati keskin o‘zgargan vaqtlarda ularning salomatliklariga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillar mavjud ekanligidan kelib chiqqan holda kelajak avlodimizga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlari zarur ekanligini ta’kidlab qolamiz“, - deyiladi xabarda.