Ijtimoiy tarmoqlarda Oltinko‘l tumani “Qoraqalpoq” mahallasida joylashgan 38-umumta’lim maktab direktorining maktab o‘quvchilarini kaltaklayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Andijon viloyat maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, hodisaga aniqlik kiritish maqsadida viloyat MMTB mas’ullari tomonidan ishchi guruh tuzilib, tegishli tashkilotlar va huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“Shu o‘rinda Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi zo‘ravonlikning har qanday turini keskin qoralagan holda, o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlarida pedagogik etika qoidalariga rioya etish zarur ekanligini ma’lum qiladi”, deyiladi boshqarma munosabatida.
Ta’kidlanishicha, ishchi guruh tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra, batafsil ma’lumot beriladi.