Har bir davlat izchillik bilan taraqqiyotga erishish uchun birinchi navbatda korrupsion holatlarga qarshi murosasiz kurash olib borishi lozim. Aks holda tanazzulga yuz tutishi mumkin.
Ayni shu ma’noda mamlakatimizda jamiyatni ushbu illatdan tozalash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda esa mazkur xavfga nisbatan favqulodda holat e’lon qilinishi ortidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan muntazam ravishda tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Andijon viloyati Baliqchi tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori xizmat mavqeidan foydalangan holda o‘zganing ishonchiga kiradi va mansabdor tanishlari orqali uning qarindoshini mazkur sohaga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1800 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda inspektor so‘ralgan pul mablag‘ini tumandagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.