Andijon viloyati Bo‘ston tumanida 2022 yilning 26 noyabr kuni yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan edi. To‘qnashuv natijasida jami 41 nafar fuqaro jarohat olgani, shulardan 4 nafari voqea joyida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
“Daryo”ning xabariga ko‘ra, Andijon viloyati prokuraturasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida YTH oqibatida 6 nafar fuqaro vafot etgani ma’lum qilingan.
Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan yo‘l qurilish tashkiloti rahbari va tashkilotning bir nafar ish yurituvchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida qurilish tashkiloti yo‘l belgilarini o‘rnatishda belgilangan tartib me’yorlarini buzgani aniqlangan. Hozirda ish yakunlanib, sudga yuborilgan.
YTH Bo‘ston tumani hududidan o‘tgan Toshkent—Andijon—O‘sh xalqaro ahamiyatga ega A-373 avtomobil yo‘lining 391-kilometrida yuz bergandi. Isuzu avtobusi yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda qarama-qarshi yo‘nalishda chiqib harakatlangan. Shunda qarshisida kelayotgan Isuzu yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
SSV 38 nafar yo‘lovchi turli xil jarohatlar bilan Bo‘ston tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga olib kelinganini ma’lum qilgan edi.