Mayning uskunalari sizu biz tasavvur ham qilolmaydigan darajada elektr energiyasini iste’mol qilishidan xabardormisiz?
Doimiy olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan, elektr energiyasidan hisobsiz va to‘lovsiz foydalanish boshqa iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash sifatiga hamda tizimning ishonchliligiga katta putur yetkazishi holatlari esa hamon uchramoqda.
Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» kuni kecha huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassislari bilan hamkorlikda Andijon viloyatida navbatdagi tungi reyd tadbirini o‘tkazdi.
Tadbir davomida “E.“ MCHJga tegishli ishlab chiqarish sexida 33 dona mayning qurilmasi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan holda, noqonuniy foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.
Dastlabki qayta hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu MCHJ tomonidan tizimga 2,4 mlrd so‘mlikdan ziyod zarar yetkazilgan.
Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.