Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Andijon bozoridagi "mafiya" ayol: mojarolar qachongacha davom etadi?

Andijon bozoridagi "mafiya" ayol: mojarolar qachongacha davom etadi?

O‘zA muxbiri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan sotuvchilarga bosim o‘tkazib, tovlamachilik qilayotgan ayol haqidagi videolavha bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi. Videolavhadagi ayol aslida kim, bunday holat qayerda sodir bo‘lgan edi?
Keling, holatga aniqlik kiritish uchun gapni avvalroqdan boshlaymiz. Ayni kunda noqonuniy faoliyat yuritayotgan mazkur bozor Asaka tumani “Baraka” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Umid ko‘chasi, ya’ni Asaka-Shahrixon magistral yo‘li tomonidan Asaka dehqon, oziq-ovqat bozoriga kiriladigan uzunligi 200 metrcha keladigan ko‘chada joylashgan. 
2016 yilda mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan aholiga qulaylik yaratish, Asaka dehqon, oziq-ovqat bozoriga kiriladigan yo‘lni obodonlashtirish uchun tuman hokimining farmoyishi bilan ushbu yo‘l hududi tadbirkorlar Odinaxon Dadajonova, Mahmudjon Sobirov hamda Rohatoy Egamberdiyevalarga 600 kvadrat metrdan ajratib berildi. Shuningdek, ularga saylgoh sifatida foydalanadigan yo‘lning o‘zlariga tegishli hududlarini shaharsozlik qoidalari asosida obodonlashtirish, bruschatka yotqizish, favvora qurish hamda muzqaymoq va salqin ichimliklar sotiladigan joylar tashkil etish vazifasi yuklandi. 
Tadbirkorlar tomonidan obodonlashtirish ishlari bekamu-ko‘st bajarildi. Biroq aholining bozorga kirib-chiqishi uchun qulaylik yaratish maqsadida barpo etilgan yo‘l noqonuniy bozorga aylanib ketdi. Noqonuniy ravishda qo‘shimcha do‘konlar, savdo rastalari joylashtirildi, yoymachilar joylashdi. Bu yerda asosan kiyim-kechaklar, parfyumeriya mahsulotlari, xo‘jalik mollari, hatto meva-cheva, sabzavotlar ham sotila boshladi.
Obodonlashtirish maqsadida berilgan ko‘chaning tadbirkorlar katta bozorga aylantirib yubordi. Bundan avvalo, ushbu ko‘cha atrofida yashayotgan aholi aziyat chekmoqda. Uylariga erkin kirib chiqa olmaydi, tez yordam, yong‘in o‘chirish mashinalari bu ko‘chaga umuman kira olmaydi.
Ko‘cha oxiridagi boshqa yo‘lga olib chiqadigan ko‘cha ertayu kech kirakash “Damas” mashinalari bilan tirband. Bunday holatni bartaraf etish savdo rastalarini bozor ichiga ko‘chirishni so‘rab mahalla ahli tuman hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi, soliq inspeksiyasiga ko‘p bora murojaat qildi. Biroq biror o‘zgarish bo‘lmadi. 
– Noqonuniy bozor mahalla ahliga ko‘p qiyinchiliklar tug‘dirmoqda, – deydi Asaka tumani “Baraka” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rivojiddin Rahmonov. – Bu yerdagi to‘polon, janjallarni aytmaysizmi… Bozorni ko‘chirish uchun ko‘p harakat qildik. Lekin bizning kuchimiz yetmadi. 

– Katta magistral yo‘ldan bozorning yo‘liga o‘tish uchun yer osti tuneli qurilgan, – deydi mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Muxtasarxon Qosimova. – Achinarlisi, tunel ham bozorga aylanib ketdi. Yaxshi bilamizki, bozorning o‘ziga yarasha qonun qoidalari bor, bozorda turli toifa kishilari, tortishuv, janjallar bo‘ladi. Ana shundan kelib chiqib, bozordagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida savdogar ayollar bilan tez-tez suhbatlar o‘tkazilmoqda. Shukurki, keyingi paytlarda urush-janjallar, salbiy holatlarga barham berildi. 
Masalaning mohiyatiga qaytadigan bo‘lsak, videolavhadagi holat noqonuniy bozorda savdo qilayotganlardan pul undirish bilan bog‘liq ekanligi ravshan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat Asaka shahridagi noqonuniy faoliyat yuritayotgan bozorda (yuqorida bozor xususida izoh berildi) 2017 yilning bahorida yuz bergan. Bozorda ish olib borayotgan bir guruh sotuvchi ayollarning yillar davomida davom etib kelayotgan o‘zaro kelishmovchiligi, janjallarining birgina ko‘rinishi xalos. 
Videolavha qahramoni O.D. Asaka tumanida istiqomat qiladi, ikkinchi guruh nogironi, 2002 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanib keladi. Oilali, 4 nafar farzandning onasi. Savdo do‘konlari bor, tadbirkor sifatida dong‘i ketgan.

Holatning asl sababi bozordagi ikkita guruh o‘rtasidagi kelishmovchiliklar natijasidir. Holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumot fikrlarimizga aniqlik kiritadi.
Bunga ko‘ra, Asaka tumani, “Tuvadoq” MFY, Pastki Tuvadoq ko‘chasida yashovchi yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi O.D.ga Asaka tumanidagi dehqon bozori hududida savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgani uchun bir necha bor unga nisbatan soliq xodimlari ishtirokida ogohlantirishlar berilgan.
O.D. 2016 yil sentyabr oyida Asaka tumani Umid ko‘chasidagi markaziy dehqon bozoriga kirish yo‘lagida ta’mirlash ishlari olib borgan. 2017 yil may oyida fuqarolar N.I, Z.A va boshqa bir nechta fuqarolar mazkur ta’mirlash ishlari olib borilgan yo‘lakda savdo qilayotgani sababli “katta tadbirkor” O.D ularni ushbu hududda savdo qilmasliklarini, joyni bo‘shatib qo‘yishlarini aytib, o‘zaro janjallashgan.
Kelishmovchiliklar davomida O.D tomonidan fuqarolarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilganlik holati 2017 yil may oyida fuqarolar tomonidan videotasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Asaka tuman IIBga fuqarolar tomonidan O.D.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab murojaat kelib tushmagani sababli, surishtiruv harakatlari olib borilmagan.
Shuningdek, O.D 2018 yil 24 dekabr kuni soat 21:00 lar chamasida, Asaka shahar, “Baraka” MFY, Madumarov ko‘chasida joylashgan “Markaziy dehqon” bozorining kirish yo‘lagidagi o‘zi tomonidan ta’mirlangan “Favvora” yonida, fuqaro N.I (ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhadagi haqoratlangan ayol) bilan birga savdo qilayotgan O.B bilan ham o‘zaro janjallashgan. Janjal vaqtida O.B.ni qasddan urib sog‘lig‘ining buzilishi va tan jarohati olishiga sababchi bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan 2018 yilning 29 dekabr kuni O.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan mazkur modda bilan ayblov e’lon qilingan va jinoyat ishi muhokamasiga yuborilgan. Sud muhokamasi tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida yarashuv bilan yakun topgan.
Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan O.D. tomonidan Asaka tumani markaziy dehqon bozoridagi fuqarolarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilganlik holati tasvirlangan videolavhalar bo‘yicha Asaka tumani IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

O.D. bozorda savdo qilayotgan fuqarolardan pul yig‘ishini inkor etdi. Lekin savdo qiluvchilar pul hozirga qadar yig‘ib kelinayotganini aytganligini bildirganimizda, bu pullar bozorni tozalovchi farroshlar uchun yig‘ilishini ta’kidladi. 
Bu bo‘yicha tuman soliq inspeksiyasi va boshqa mutasaddi idoralar vakillari shug‘ullanib, masalaga aniqlik kiritadi, deb umid qilamiz. Chunki mazkur bozorda 400 ga yaqin kishining savdo qilishi hisobga olinsa, ularning qanchasi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, soliq to‘laydi, yana qanchasi soliq to‘lamasdan ish olib borayotganini aniqlash, tushumlarni davlat byudjetiga tushirish albatta ana shu idoralarni qiziqtiradi.
Agar ana shuncha sotuvchi bir kunda 10 ming so‘mdan to‘laganda ham davlat byudjetiga bir kunda 4 million, bir oyda 120 million, bir yilda 1 milliard 440 million so‘m mablag‘ tushishi oddiy arifmetika. 
Videolavhada soliq idorasi vakillarini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilinishiga esa O.D. u bilan janjallashayotgan ayollar uni qattiq haqorat qilganliklari tufayli o‘ta asabiylashgani, o‘zini yo‘qotib qo‘yib, bilmasdan gapirib yuborganini ma’lum qildi. 
– Bu kabi ayollar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Muqaddasxon Qurbonova. – Jumladan, o‘zaro janjallashib yurgan tadbirkor fuqarolar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilib, o‘rtalaridagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi. Ayol, eng avvalo ona, oila bekasi, farzandlar tarbiyachisi, ayollarning jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishi millatimiz uchun isnod ekani tushuntirilmoqda.
Asaka dehqon, oziq-ovqat bozori ma’muriyati esa nima uchun shundoqqina eshigi oldida noqonuniy bozor faoliyat yuritayotganiga tomoshabin bo‘lib qarab turganiga ko‘pchilik hayron.
Nima uchun savdo qilayotganlarni bozor ichiga kiritish choralarini ko‘rmayapti ekan?

– Ushbu bozorda asosan kiyim-kechak, xo‘jalik mollari sotiladi, – deydi “Asaka dehqon, oziq-ovqat bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Alisher Tolipov. – Bozorimizda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari sotilishi belgilangan. Shu bois ularga bozordan joy bera olmaymiz. Lekin u yerdagi oziq-ovqat, qovun-tarvuz, sabzavot mahsulotlari sotayotgan fuqarolarni ichkariga kiritishga ko‘p harakat qildik. Hozirda 700 ga yaqin savdo rastalarimiz, savdo-sotiq qilish uchun barcha qulayliklar bor. Lekin bozor tashqarisi gavjum bo‘lgani, qolaversa, kunlik savdo yig‘imi to‘lamaslik maqsadida ular ichkariga kirib savdo qilishni xohlashmayapti. 
Shu o‘rinda norasmiy bozor, ana shu hududni o‘zlashtirib olgan tadbirkorlarning bugungi faoliyati noqonuniy ekanini eslatib o‘tmoqchimiz. 
Aslida 3 nafar tadbirkorga Asaka dehqon bozoriga kirish yo‘lining ma’lum qismini obodonlashtirish, muzqaymoq hamda salqin ichimliklar savdosini yo‘lga qo‘yish orqali foydalanish uchun chiqarilgan tuman hokimining 2016 yil 22 iyundagi 60-F farmoyishi o‘tgan 2018 yil bekor qilingan.
Ya’ni, Asaka tumani hokimining hududdagi, “Baraka” MFY Umid ko‘chasida, bozorga kiruvchi yo‘lda transport vositalari harakatini tiklash, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda avariya xizmatlari transport vositalarining harakatlanishi uchun sharoit yaratish uchun o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan vaqtinchalik savdo shoxobchalari faoliyatiga barham berish maqsadida chiqarilgan 2016 yil 22 iyundagi 60-F farmoyishi bekor qilingan.
Tuman hokimining tegishli qarori chiqarilganiga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, noqonuniy bozor faoliyatiga barham berilmayotgani, tartibsizliklar, muammolarga tuman hokimligi, huquq-tartibot idoralari, soliq inspeksiyasi e’tibor qaratmayotgani kishini taajjubga soladi. 
Bu yerda savdo qilayotgan fuqarolarni Asaka dehqon, oziq-ovqat bozori hamda xalq ichida Yuqori bozor, deb ataladigan “Tasanno omad lyuks” buyum bozoriga ko‘chirish shunchalik qiyin bo‘lsa?
O‘rganishimiz jarayonida ana shu bozorlarda juda ko‘p savdo rastalarining bo‘sh turganiga guvoh bo‘ldik. 
Tuman hokimligi va boshqa mutasaddi idoralar noqonuniy bozor, undagi tartibsizliklar, u yerda ish olib borayotgan guruhlarning tortishuvlari ortidan yuzaga kelayotgan salbiy holatlarga barham berishga astoydil kirishsa, eng avvalo, Asaka xalqi bundan minnatdor bo‘ladi, qonun ustuvorligi ta’minlanadi.
Noqonuniy bozor taqdiri, uning faoliyati qanday yakun topgani xususida kelgusi chiqishlarimizda ma’lum qilamiz. Mabodo yechim topib ketsa muammolar.

Faxriddin UBAYDULLAYEV, O‘zA

Kiritildi: 11:33 16.08.2019. O'qildi: 7989 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!