AQSh prezidenti Jo Bayden 2001 yilning 11 sentyabrida Nyu-Yorkda yuz bergan terakt bilan bog‘liq hujjatlar oshkor etilishini ma’lum qildi. Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchixonasi ushbu qarorni olqishladi.
“Yigirma yil avvalgi o‘sha dahshatli kundan beri Saudiya Arabistoni rahbariyati teraktni tekshirish bilan bog‘liq barcha materiallarni oshkor etishga chaqirib keladi”, – deyiladi elchixona saytida e’lon qilingan bayonotda.
Saudiya tomoni o‘sha teraktlarga aloqadorligini yana bir qat’iy ravishda inkor etib, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda kuchini ayamaganini ma’lum qildi.
2001 yilning 11 sentyabrida AQShda to‘rtta yo‘lovchi samolyoti olib qochilgan edi. Samolyotlardan ikkitasi Jahon savdo markazi binolariga, bittasi Pentagon binosiga borib urilgan. To‘rtinchi samolyot Pensilvaniya shtatida dalaga qulab tushgan. O‘sha kuni qariyb 3 ming kishi halok bo‘ldi, 6 mingdan ziyod kishi yaralandi.
AQSh hodisa uchun “Al-Qoida”ni aybladi.