Xalqaro huquq himoyasi tashkiloti Amnesty International Isroilni G‘arbiy sohilda falastinliklarni majburan ko‘chirish va ularning yerlarini tortib olish orqali «etnik tozalash» siyosati olib borishda aybladi.
Tashkilot hisobotiga ko‘ra, so‘nggi uch yarim yil ichida kamida 117 ta falastin jamoasi to‘liq yoki qisman o‘z yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, 2023 yildan 2026 yil apreligacha kamida 5910 nafar falastinlik majburan ko‘chirilgani qayd etilgan.
Hisobotda aholi punktlari qurilishi kengaygani, yerlar musodara qilingani va ko‘chmanchilar zo‘ravonligi kuchaygani ta’kidlangan. Amnesty International bu harakatlarni xalqaro huquq normalariga zid deb baholab, bir qator davlatlarni Isroilga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.