O‘zbekiston Islom sivilizasiyasi markazi o‘z kitob xazinasini yana bir qimmatli asar bilan boyitdi. Markazga buyuk astronom va matematik Ali Qushchining o‘g‘li Qozi Abdurahmon qalamiga mansub "Ravnaq-ul bo‘ston" asarining faksimile nusxasi olib kelindi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, asar Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez tomonidan taqdim etilgan. Asarning asl nusxasi Istanbuldagi mashhur Ayo Sofiya kutubxonasida saqlanmoqda.
"Ravnaq-ul bo‘ston" bog‘dorchilik va mevali daraxtlar parvarishiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda mevalarni yetishtirish, saqlash va nihollarni parvarishlashga oid qimmatli tavsiyalar berilgan. Asar zamonaviy agronomiya sohasida ham o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda asarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari o‘zbekistonlik olimlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu asarning yurtimiz bog‘dorchilik an’analarini rivojlantirishdagi ilmiy va amaliy ahamiyati yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Mazkur asar Islom olamidagi ilmiy merosni o‘rganish va uni kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.