Byulletenlarning 94 foizi sanab chiqilganidan so‘ng, bosh vazir Edi Rama yetakchiligidagi Albaniya Sosialistik partiyasi saylovchilar ovozining 52 foizini olgani ma’lum bo‘ldi.
Korrupsiyada ayblanayotgan sobiq prezident va sobiq bosh vazir Sali Berisha rahbarligidagi konservativ Demokratik partiya esa 34% ovoz to‘pladi.
Albaniya ommaviy axborot vositalari hisob-kitobiga ko‘ra, sosialistlar parlamentdagi 140 o‘rindan 82 tasini, konservatorlar esa 51 o‘rinni qo‘lga kiritishi mumkin. 2013 yildan beri hukumatni boshqarib kelayotgan 60 yoshli Rama, to‘rtinchi marta hukumat rahbari bo‘ladi. Uning siyosiy maqsadlaridan biri Albaniyaning Yevropa Ittifoqiga integrasiyasini ta’minlashdir.
Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) boshchiligidagi xalqaro kuzatuvchilar saylovlar to‘liq demokratik standartlarga mos o‘tgani borasida shubhalar bildirishdi. Kuzatuvchilarning baholashicha, saylovoldi kampaniyasi davomida hukmron Albaniya sosialistlar partiyasi davlat resurslari va institusional hokimiyatdan noto‘g‘ri foydalangan. YEXHT, shuningdek, amaldorlarga bosim o‘tkazilgani va qo‘rqitish holatlari haqida ko‘plab xabarlar kelib tushganini ma’lum qildi.
Albaniya 2009 yildan beri NATO a’zosi hisoblanadi. 2022 yildan boshlab Tirana Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bryusselga ko‘ra, mamlakat korrupsiyaga qarshi kurashda muayyan yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, bu masala hali ham eng katta muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, 2021 yilda AQSh tomonidan pora olish va noqonuniy boyish gumoni bilan sanksiyalarga uchragan 80 yoshli Sali Berisha ham korrupsiyada ayblanmoqda.