Akademik liseylar bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirining tegishli buyrug‘i tasdiqlandi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotlarida yakuniy davlat attestasiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan akademik liseylarda yakuniy attestasiyani tashkil etish va o‘tkazish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirildi.
Yakuniy attestasiyani o‘tkazish uchun davlat attestasiya komissiyasidan tashqari davlat imtihonlari o‘tkaziladigan har bir fandan alohida imtihon komissiyalari tashkil etiladi. Ular faoliyat yuritishda DAKga bo‘ysunadi.
Imtihonlar barcha ta’lim yo‘nalishlarida ona tili va adabiyot, O‘zbekiston tarixi hamda ta’lim yo‘nalishining namunaviy o‘quv rejasida belgilangan yana ikkita chuqurlashtirilgan fanlardan o‘tkaziladi. Bunda imtihonlar quyidagi ko‘rinishda tashkil etiladi:
ona tili va adabiyot fanidan — insho,
matematika fanidan — yozma,
O‘zbekiston tarixi fanidan — test
qolgan fanlardan og‘zaki.
Ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, ayrim yo‘nalishlarda chuqurlashtirilgan fandan davlat imtihoni ijodiy imtihon ko‘rinishida o‘tkazilishi mumkin.
Endilikda davlat imtihonlari materiallari hamda mezonlari, ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi komissiyalar tomonidan ishlab chiqiladi, DAK uni tasdiqlashi kerak.