Apple AirPods quloqchinlari bosh harakati va teginish orqali kamerani boshqarish, ovoz balandligini nazorat qilish hamda sinxron tarjima funksiyalariga ega bo‘ladi. Yangiliklar iOS 26 bilan birga 2025 yil kuzida joriy etiladi.
Apple kompaniyasi o‘zining AirPods quloqchinlariga bir qator yangi funksiyalar qo‘shmoqda. 9to5Mac nashri jurnalisti Markus Mendesga ko‘ra, to‘rtinchi avlod AirPods hamda AirPods Pro 2 modellari endi iPhone kamerasini bosh harakati va teginish orqali boshqara oladi.
Yangi imkoniyatlar orasida quloqchin orqali ovoz balandligini bosh harakat bilan o‘zgartirish, shuningdek, shovqinni yo‘qotish rejimini faollashtirish mumkin bo‘ladi. Bu funksiyalar rasman iOS 26 operasion tizimi taqdim etilishi bilan birga joriy etiladi.
Bundan tashqari, foydalanuvchi quloqchinga yengil teginish orqali kamera tugmasini faollashtirishi mumkin bo‘ladi. Video yozish paytida esa iPhone’larda mavjud «Audiomiks» funksiyasi orqali «Kadrda», «Studiya» yoki «Kinoeffekt» rejimi tanlash imkoni tug‘iladi.
Apple quloqchinlariga yaqin kelajakda yana bir ilg‘or funksiya — real vaqtda sinxron tarjima qilish qobiliyati ham qo‘shilishi kutilmoqda. Bloomberg muxbiri Mark Gurmanga ko‘ra, bu tizimda foydalanuvchi chet tilidagi nutqni eshitganda, iPhone avtomatik tarzda uni foydalanuvchining ona tiliga tarjima qiladi va AirPods orqali eshittiradi. Foydalanuvchi javob berganda esa uning so‘zlari avtomatik tarjima qilinib, suhbatdoshga iPhone dinamigi orqali uzatiladi.
Barcha yangiliklar 9 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan WWDC25 anjumanida namoyish etilishi kutilmoqda. Bu Apple’ning quloqchinlar sohasidagi eng innovasion yangilanishlaridan biri sifatida baholanmoqda.