Mashhur MMA jangchisi Konor Makgregor Grenlandiya masalasiga munosabat bildirib, agar hudud sotuvga qo‘yilsa, uni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini aytdi. Bu haqda Irish Mirror nashri xabar berdi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Daniya qirolligi tarkibidagi avtonom hudud — Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga olish istashi haqida fikr bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu AQSh xavfsizligi nuqtayi nazaridan muhim hisoblanadi. Trampning bu fikrlari xalqaro miqyosda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lganiga qaramay, u mazkur masalada qat’iy pozisiyasini saqlab qolmoqda.
Shu hafta Trampning yaqin tarafdorlaridan biri bo‘lgan Konor Makgregor ham ushbu mavzuga qo‘shilib, Grenlandiya sotuvga chiqarilsa, uni shaxsan sotib olish ehtimolini istisno etmadi. Bu Makgregor uchun siyosatdagi ilk bayonot emas. U uzoq vaqtdan buyon Trampni ochiq qo‘llab-quvvatlab keladi hamda ijtimoiy tarmoqlarda Trampning immigrasiyaga qarshi qarashlarni faol targ‘ib qiladi. O‘tgan yili u Irlandiya prezidentlik saylovida ishtirok etishga uringan, biroq konstitusiyaviy cheklovlar sabab qilib, poygadan erta chiqqandi.
Ma’lumot uchun, Konor Makgregor 2021 yil iyuldan buyon jang o‘tkazmayapti. U oxirgi marta UFC 264 turnirida qatnashgan bo‘lib, birinchi raundda oyog‘idagi jarohat tufayli texnik nokaut evaziga Dastin Poryega yutqazgandi. Konor professional faoliyati davomida 28 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, 22 g‘alaba va 6 mag‘lubiyat qayd etgan.