Afg‘oniston sharqidagi Nangarhor provinsiyasi hokimiyati mahalliy amaldorlarga ommaviy axborot vositalariga suratga tushish va video intervyular berishni rasmiy ravishda taqiqladi. Bu haqda Afg‘on jurnalistika markazi (AFJC) xabar berdi, deb yozadi RIA Novosti.
Markazga ko‘ra, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining OAV erkinligiga qarshi harakatlar tobora kuchaymoqda.
“Bu taqiq juda tashvishli holatdir, chunki Nangarhor bunday cheklovlarni joriy qilgan beshinchi viloyat bo‘ldi”, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, xavfsizlik sababli ismini oshkor qilishni istamagan Nangarhordagi OAV rahbari bu buyruqni mahalliy amaldorlarga viloyat hokimining o‘rinbosari Azizullo Mustafo berganini ma’lum qilgan.
Viloyat axborot va madaniyat departamenti direktori Qureyshi Badlun ushbu buyruq haqida amaldorlar va mahalliy OAV rahbarlarini 12 noyabr kuni WhatsApp orqali xabardor qilgan.
Shuningdek, Nangarhor hokimi o‘rinbosari viloyatdagi barcha amaldorlar xabarlarni endi faqat yozma shaklda OAVga yetkazishi kerakligini buyurgan. OAVga esa faqat hukumat binolari, e’lonlar va logotiplardan foydalanishga ruxsat etilgan. Bundan tashqari, mahalliy amaldorlar bilan barcha intervyular bundan buyon faqat audio shaklda o‘tkazilishi lozimligi aytilgan.