Rossiya yangi elchini qabul qildi va Qobul bilan hamkorlikni kengaytirishini e’lon qildi.
Rossiya Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumatini rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ldi. 3 iyul kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi «Tolibon» ma’muriyati tomonidan yuborilgan yangi afg‘on elchisining ishonch nomalarini qabul qilganini va ikki tomonlama «samarali hamkorlikka» tayyor ekanini ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, bu rasmiy tan olish turli sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga turtki beradi.
Avval Rossiya «Tolibon» bilan faqat ishchi uchrashuvlar darajasida aloqalarni saqlab kelgan, jumladan, ularning delegasiyalari xalqaro anjumanlarda ishtirok etgan. Ammo shu paytgacha Rossiya hukumati Qobuldagi rejimni huquqiy jihatdan rasman tan olmagan edi.
Ma’lumki, «Tolibon» hukumati 2021 yil avgust oyida AQSh qo‘shinlarining chiqib ketishi va oldingi hokimiyatning ag‘darilishi ortidan hokimiyatga kelgan. Shunga qaramay, “Islom Amirligi Afg‘oniston” nomi bilan o‘zini atayotgan tuzilma hozircha BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari yoki qo‘shni mamlakatlar tomonidan tan olinmagan.