Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan "O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Sirdaryo filiali davlat muassasasi ustidan "Trans imkon servis” MCHJ rahbarining murojaati qonunchilik talabi asosida o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, taraflar o‘rtasida transport va mexanizm xizmati ko‘rsatish, ijara shartnomasi, transport va mexanizm xizmati ko‘rsatish va avtotransport vositasini ijaraga berish bo‘yicha qator shartnomalar tuzilgan hamda ushbu shartnomalarga asosan “Trans imkon servis” MCHJ tomonidan xizmatlar belgilangan muddat va shartlarda bajarilgan, biroq “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Sirdaryo filiali tomonidan shartnoma majburiyatlari to‘liq bajarilmasdan, o‘tgan davrda 207 272 090 so‘m qarzdorlik vujudga kelgan.
Tadbirkor qarzdorlikni so‘ndirish bo‘yicha muassasa ma’muriyatiga og‘zaki va yozma ravishda bir necha marotaba murojaat qilgan hamda talabnoma yuborgan bo‘lishiga qaramasdan amaliy natija bo‘lmagan.
Shuningdek, 207 272 090 so‘mlik qarzdorlik masalasida solishtirma dalolatnoma ham imzolangan.
Achinarlisi, mazkur qarzdorlik to‘lanmasdan kelinayotgani oqibatida tadbirkor moddiy zarar ko‘rgan hamda ishchi- xodimlariga o‘z vaqtida ish haqi to‘lash imkoniyati bo‘lmagan, boz ustiga soliq majburiyatlarini bajarishda ham muammolar yuzaga kelgan.
“Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida shartnoma taraflari tuzilgan xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha zimmalariga olgan majburiyatlarni o‘z vaqtida va tegishli tartibda bajarishlari shart ekanligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ushbu qonunning 32-moddasiga asosan yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘laydi.
Yuqoridagilarga asosan adliya bo‘limi tomonidan “Trans imkon servis” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Qayd etilganlarga asoslanib, mazkur da’vo arizasi qisman qanoatlantirildi. Sudning hal qiluv qarori bilan “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Sirdaryo filiali davlat muassasasi hisobidan “Trans imkon servis” MCHJ foydasiga 77 272 090 so‘m asosiy qarz va 15 000 000 so‘m penya, shuningdek, Respublika byudjetiga 2 318 162,7 so‘m miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi.