Abxaziyaning Ochamchira tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi, yana bir kishi shifoxonaga yotqizildi.
Respublika Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l inspeksiyasiga tayanib ma’lum qilinishicha, hodisa Kyndyg qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Suxum tomon yo‘l olgan Chrysler avtomobili boshqaruvni yo‘qotib, katta tezlik bilan daraxtga urilgan. Avtomobilda to‘rt kishi bo‘lgan va barcha jabrlanuvchilar O‘zbekiston fuqarolari ekani aniqlangan.
Hodisa yuzasidan tegishli organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.