14 mart kuni Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1922 yilda tug‘ilgan fuqaro T. T. koronavirus tashxisi bilan olib kelingan. Bu haqda SSV xabar berdi.
Bemorda o‘tkazilgan PZR testi natijalari musbat chiqqan, rentgen tekshiruvlarida ikki tomonlama gidrotoraks suyuqlik aniqlangan.
«Davolash jarayonida torakal jarrohlik yo‘li bilan bemorning o‘pkasidan 10 kun davomida 4 marta, jami 2 litr suyuqli olindi. Bemor kichik operasiyadan ham muvaffaqiyatli chiqdi, ikki hafta davomida intensiv davo muolajalari o‘tkazildi. Shu tarzda bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Nihoyat, muolajalardan so‘ng olingan PZR testi manfiy natijani ko‘rsatdi», — deydi shifoxonaning reanimasiya bo‘limi mudiri Dono Jo‘lamanova.
Bundan tashqari, bemorda hamroh kasalliklar ham mavjud bo‘lgan. Bemordagi yurak yetishmovchiligi asoratlari ham tezda bartaraf etildi.
Ayni paytda 99 yoshli onaxon koronavirusdan butkul sog‘aygan va uyiga qaytgan.