Bugun 26 iyul, 2025 yil, shanba

КИР

5 tashabbus ijrosida Milliy Gvardiyaning hissasi (foto)

A A A
5 tashabbus ijrosida Milliy Gvardiyaning hissasi (foto)

Mamlakat yoshlarining har tomonlama kamol topishi, chiniqishi va o‘z iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishida har birimiz mas’uldirmiz. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosi ham aynan shu maqsadlarni olg‘a suradi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Surxondaryo viloyat bo‘linmasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat Termiz shahar Kengashi bilan hamkorlikda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Xalqaro yoshlar oromgohida 5 ta muhim tashabbusning yo‘nalishlarini aks ettiruvchi tadbirlar turkumi tashkil etildi. Mazkur tadbir Surxondaryo viloyati Termiz shahar 12-sonli Mehribonlik uyining «Mehr» oromgohi va «Amudaryo» bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohi dam oluvchi 300 nafar yoshlarni qamrab oldi.

Sportning bir qancha turlari va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar bo‘yicha tashkillashtirilgan tadbir oromgoh dam oluvchi bolajonlari ishtirokidagi qizg‘in o‘yinlarga boy bo‘ldi. Stadionda koptok tepib futbol musobaqasida ishtirok etayotgan jajji bolakaylardan tortib, oromgoh hovlisida yerga rasm chizayotgan barcha ishtirokchilarga Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ham xamroh bo‘lib, ularning xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatladilar. Bunday birdamlikdan quvongan oromgoh dam oluvchilari ko‘tarinki ruhda belgilangan mavzularda o‘z iqtidorlarini va chaqqonliklarini namoyon etdilar. Sportning voleybol, basketbol, futbol, karate va suzish kabi bir qancha turlari bo‘yicha epchilliklarini sinovdan o‘tkazgan bolajonlarning quvonchi cheksiz bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir doirasida tashkil etilgan badiiylikka yondashilgan rasm chizish mahoratlari sinovi ham ikki oromgoh vakillari o‘rtasida uyushtirildi. Bolajonlar «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon» shiori ostida Vatan manzaralarini ranglar yordamida aks ettirdilar.

– Chizgan suratimda yurtimiz tabiatini aks ettirishga harakat qildim. Samoda uchayotgan qushlar, oqib turgan sharsharalar, zamindagi maysalar – hammasi tabiatimiz chiroyidir. Shuningdek, O‘zbekistonimizning musaffo osmoni, unda baland parvoz qilayotgan qushlar tasviri Ona yurtimda erkinlik, tinchlik hukmronligidan dalolat berayotgandek menga zavq va ilhom bag‘ishladi – deydi rassomchilik yo‘nalishida iqtidorini sinovdan o‘tkazayotgan 12-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Mohichexra  Suyunova.

– Bugungi tashkillashtirilgan tadbirning asosiy maqsadi oromgoh dam oluvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan. Yurtboshimiz belgilab bergan 5 tashabbus ijrosi barcha joylardagi kabi Surxondaryo viloyatida ham keng amalga oshirilmoqda. Kun davomida o‘zaro musobaqa ko‘rinishini olgan tadbir dasturidagi sport va ma’rifiy yo‘nalishlarda jami 300 dan ortiq bolajonlar qatnashdilar. Harbiy xizmatchilar bolajonlar bilan bahamjihatlikda barcha shartlarda va sport o‘yinlarida ishtirok etdilar. Bu esa o‘z navbatida ishtirokchi bolajonlarga ruhan ko‘mak bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Termiz shahar kengashi raisi Salohiddinov Jahongir Hiloliddinovich.

Kun davomida tashkillashtirilgan shartlar va sport musobaqalari o‘z nihoyasiga yetgach, barcha yo‘nalishlarda o‘z iqtidorlarini va chaqqonliklarini sinovdan o‘tkazgan bolajonlar uchun madaniy tadbir tashkil etildi. Turli chiqishlar, qo‘g‘irchoq teatri tomonidan sahnalashtirilgan ertak namoyishlari bolajonlarga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining tadbir so‘ngidagi jangovar sahna ko‘rinishlari bolajonlarda gvardiyachilar shijoatiga va ushbu kasbga nisbatan katta qiziqish uyg‘otdi. Madaniy tadbir doirasida barcha shartlar va belgilangan yo‘nalishlarda ishtirok etgan bolajonlar diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, kelgusida bu kabi tadbirlar tez-tez o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilmoqda.

 

 

Kiritildi: 16:05 13.07.2019. O'qildi: 4924 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!