Bugun 19 may, 2025 yil, dushanba

КИР

5 tashabbus doirasida 198,7 mingga yaqin o‘quvchi teatr-studiyalarga jalb etildi

A A A
5 tashabbus doirasida 198,7 mingga yaqin o‘quvchi teatr-studiyalarga jalb etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan besh tashabbus doirasida mamlakatimiz umumta’lim muassasalarida “Maktabda teatr” loyihasi doirasida 2108 ta havaskor yoshlar teatr-studiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur teatr-studiyalariga 198,7 mingga yaqin o‘quvchilar jalb etildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.

Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Mazkur tashabbus doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida 2 108 ta havaskor yoshlar teatr-studiyalari tashkil etildi. Hozirda teatr-studiyalarga 198 ming 698 nafar o‘quvchilar jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan maktab faoliyati va ijobiy hamda salbiy o‘quvchilar obrazini ochib beruvchi sahna ko‘rinishlari ijro etib borilmoqda.

— “Maktabda teatr” loyihasi maktablarda joriy etilishi bejiz emas, — deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. — Teatr bolani har tomonlama barkamol bo‘lib o‘sishiga ko‘mak beradi. Birinchidan, teatr o‘qitish va tarbiyalash uslublaridan biridir. Ikkinchidan, u farzandlarimizni tomoshabinlar oldida chiqishlar qilishni va nutqini rivojlantirishga ko‘mak beradi. Bundan tashqari, teatr bolalarni jamoada ishlashni, oqni qoradan ajratishni o‘rgatadi. Zero, XX asr boshlarida o‘zbek milliy teatriga asos solgan ma’rifatparvarlarimiz bejiz teatrni - ibratxona deb atashmagan. Eng asosiysi, o‘quvchilarni teatr-studiyalarga jalb etgan holda milliy va jahon adabiyoti bilan tanishtirish bilan birga ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tishi ta’minlanmoqda, voyaga yetmaganlar o‘rtasida g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etilishi oldi olinmoqda.

Teatr-studiyalari uchun o‘quvchilarda milliy madaniyatimizni shakllantirishga qaratilgan pyesa va sahna namoyishi ssenariylari yozilib, barcha ta’lim muassasalariga yetkazildi. “O‘tgan kunlar”, “Shum bola”, “Boy ila xizmatchi”, Sog‘lom tanda sog‘lom aql”, “Bola podsho”, “Bolari”, “Qaydasan bolam”, “Qaldirg‘och bilan mayna”, “Tilla tuyoqli ohu” kabi asarlar shular jumlasidandir.

Teatrlar ikki ko‘rinishda olib borilmoqda: 1-4-sinf o‘quvchilari uchun “Qo‘g‘irchoq teatri” va 5-11-sinf o‘quvchilari uchun drama teatri tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga teatr-studiyalariga qiziqishni oshirish maqsadida yurtimizdagi teatrlar bilan hamkorlikda mashhur aktyor va aktrisalar bilan 30 dan ortiq mahorat mashg‘ulotlari tashkil etildi. Mahorat darslari Ra’no Yarasheva, Muqaddas Xoliqova, Muhammadali Abduqunduzov, Aziza Begmatova, Shohida Ismoilova, Mirolim Qilichev, Tesha Mo‘minov, Xayrulla Sa’diyev, Zuhra Soliyeva, Sayyora Yunusova kabi aktyor va aktrisalar tomonidan qiziqarli olib borildi.

Tajriba sifatida tarix va adabiyot darslarida mavzular bo‘yicha o‘quvchilar uchun teatr sahna ko‘rinishlari orqali aktyorlik mahoratlarini rivojlantirish amaliyoti joriy etildi.

Yakkasaroy tumanidagi 118-maktabda tashkil etilgan teatr-studiya rahbari Sayyora Jumaniyozova shunday deydi:

– 2019 yilning mart oyida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida maktabimizda yoshlar teatr studiyasi tashkil etildi. Ushbu teatr studiyada rahbarlikni boshlaganimda 3 nafar o‘quvchi a’zo bo‘lgan edi. Hozirda 84 nafar o‘quvchilar teatr studiyaga a’zo bo‘lishgan. O‘quvchilar bilan yil davomida 8 ta spektakl sahnalashtirdik. O‘quvchilar tomonidan juda ham iliq kutib olingani Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” asari bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, teatr studiyalarining tashkil etilishi yangi iste’dodlarni kashf etmoqda.

– Ushbu teatr studiyaga a’zo bo‘lganimdan juda xursandman, — deydi 9-sinf o‘quvchisi, teatr-studiyasining faol aktyori Sobir Davronov. — Sababi, bu yerda yangi qirralarimni kashf etdim, yangi do‘stlar orttirdim. Teatrda hayotning oq va qora tomonlarini ko‘ra boshladim. “Yoshlar teatr studiyasi” mening ikkinchi uyimga aylandi. Bu yerda o‘zimni erkin his qilaman. Bu kabi klub va yo‘nalishlar biz yoshlarga kelajakda o‘z o‘rnimizni topishimizda katta ahamiyatga ega.

Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati

 

 

Kiritildi: 17:20 07.02.2020. O'qildi: 4855 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!