Yurtimizga ko‘z-qish mavsumi kirib kelishi bilan aholining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoji yanada ortadi.
Shu bilan birga foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash muhim ahamiyatga ham ega. Shunga qaramasdan, ayrim iste’molchilar foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamaganligi sababli ularning qarzdorliklari sud qarorlariga asosan majburiy tartibda undirilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining 2024 yil 19 iyuldagi qaroriga asosan foydalanilgan elektr energiyasidan yuzaga kelgan qarzdorliklarni to‘lamagan “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatidan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati foydasiga jami 4 milliard 893 million 634 ming 266 so‘m undirish belgilangan.
Ushbu sud qarori bo‘yicha chiqarilgan ijro varaqa yuzasidan Majburiy ijro byurosi Taxtako‘pir tuman bo‘limi tomonidan ijro harakatiga kirishildi. Xususan, qarzdor jamiyatning asosiy bank hisob raqamiga elektron inkasso qo‘yilib, balansidagi 20 ta avtotransport vositasiga taqiq o‘rnatildi.
Natijada 4,9 milliard so‘mlik kommunal qarzdorlik to‘lig‘i bilan undirilib, sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.