Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 iyuldagi «Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 122-son Farmoni ijrosi yuzasidan ayrim noto‘g‘ri tushunchalar tarqalmoqda.
Baliqchilik markazi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, umumiy foydalanishdagi suv havzalarida taqiqlanmagan qurol va usullardan foydalangan holda 5 kilogrammgacha baliqni bepul ovlashga ruxsat etilganini ma’lum qildi.
Ushbu tartib bekor qilinmaydi. Umumiy foydalanishdagi suv havzalarida 5 kilogrammgacha baliqni bepul ovlash imkoniyatini pulli qilish ham nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, 122-son Farmonning 3-ilovasi 4-bandida sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm uchun tashkil etilgan xizmatlarni yagona tizimga jamlash hamda aholiga qulaylik yaratish belgilangan.
Mazkur tizim orqali sport-havaskor baliq ovlash uchun maxsus sharoit yaratgan xo‘jaliklar o‘z xizmatlarini ixtiyoriy ravishda yagona platformaga joylashtirishi mumkin.
Havaskor baliq ovlovchilar esa «Fishermen ID» tizimi orqali o‘ziga qulay hududni tanlashi, mavjud sharoit va narxlar bilan tanishishi hamda bo‘sh joylarni oldindan band qilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, yangi tizim umumiy foydalanishdagi suv havzalarida bepul baliq ovlash imkoniyatini bekor qilmaydi va uni pulli qilishni nazarda tutmaydi.