O‘zbekiston Milliy axborot agentligi “Gurung” suhbatlar turkumini davom ettiradi. Bugungi suhbatdoshimiz 1963 yildan O‘zbekiston LKSM Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi, so‘ng O‘zbekiston Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari, 1987 yildan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining mafkura masalalari bo‘yicha kotibi, 2 yil qamoq jazosini o‘tagan, alg‘ov-dalg‘ov yillarda SSSR Oliy sudining qarori bilan oqlangan yagona o‘zbek fuqarosi 83 yoshli Ra’no Abdullayeva...
• Sharof Rashidov qazo qilgach, nega uning xotirasini abadiylashtirish bekor qilindi?
• Sharof Rashidov o‘lgandan keyin qora maqsadli kishilarning niyati nima edi?
• "Menga qarshi ish olib borgan ayrim odamlar haliyam binoyi joylarda ishlab yurishibdi..."
• “Men hech qachon, hech kimdan pora olmaganman va hech kimga pora bermaganman”
• Halima Xudoyberdiyeva nega ishdan olingan edi?
• Ular jinoyatni o‘zlari o‘ylab, o‘zlari hukm chiqarib, o‘zlari ijro etishardi.
• Navro‘z bayramini bekor qilish haqidagi gaplar nimadan kelib chiqqan?
U “XX asr va SSSR nomli buyuk saltanatning inqirozi”, “Odamlar dengizi va hokimiyatning qora girdobi”, “Ona haqida doston” nomli avtobiografik hujjatli-publisistik qissa va ertaklar muallifi.
– Ra’no Habibovna, agar yanglishmasam, so‘nggi 30 yil mobaynida birinchi bor o‘zbek matbuoti vakili bilan suhbatlashyapsiz. Qancha vaqt o‘tdi. Mana shu hozirgi paytda xayolingizdan kechayotgan fikrlar bilan o‘rtoqlashsangiz.
R.Abdullayeva: – Hozirgi payt bilan biz ishlagan davrlarning farqi juda katta. 74 yil sovet davrida O‘zbekistonda bunaqangi o‘zgarishlar bo‘lmagan edi. Bir intervyuda aytgan edim, o‘zbek xalqi juda baxtli, chunki Xudo bir asrga ko‘zga ko‘ringan bitta aqlli, ulug‘ insonni beradi, shu xalqni sen boshqarasan deb. Bizga esa xalqingni boshqargin deb, bir asrda 3 nafar ulug‘ insonni berdi. Birinchisi, mening fikrimcha, bu – Fayzulla Xo‘jayev. U o‘z davrida xizmat qilgan. Sovetlar nima qildi? Xorazm xonligi, Buxoro amirligi, Qo‘qon xonligi, bularning hammasini yo‘q qilib, ularning asosida 5-6 ta respublika tuzdi O‘rta Osiyoda. Endi o‘zbek xalqining baxti shu bo‘ldi-ki, Fayzulla Xo‘jayev aqlli, ko‘pni ko‘rgan, Yevropada, Rossiyada puxta ilm olgan, chuqur ma’lumotga ega bo‘lgan. Butun dunyoda o‘sha paytda nima hodisalaru, qanday voqealar bo‘layapti, jahonda ilgari qanday o‘zgarishlar bo‘lgan, hammasini bilardi. O‘zbekiston Respublikasi hukumatining raisi bo‘lgan.
– Siz uzoq yillar mafkura bilan shug‘ullangansiz, ma’naviyat bilan shug‘ullangansiz. Mana shuncha paytdan keyin biz hozir komil insonlar orasida yashayapmiz, deb ayta olamizmi?
– Komil inson masalasini qaror bilan hal qilib bo‘lmaydi. Bu juda ko‘p tarmoqli masala. Iqtisod bilan, turmush darajasi bilan bog‘liq. Komil inson bo‘lish uchun bolani yoshlikdan tarbiya qilish kerak. Ota-onaning namunali tarbiyasini olishi kerak, Davlatning tarbiyasini olishi kerak. Davlat bunday insonni tarbiyalashi uchun unga ko‘p diqqat-e’tibor berishi kerak. Bizning baxtimizga shu 3 ta inson rahbar bo‘ldi dedim-ku, men shu fikrimni rivojlantiraman, lekin hozir shuni aytmoqchimanki, mana shu mafkuraviy ishlarni ham bir odam qila olmaydi. Shu rahbariyatda turgan hamma kishilar shug‘ullanishi kerak. Bizga Xudo yuborgan ikkinchi inson Sharof Rashidov bo‘ladilar. Ular ishlagan davrda yoshlarni yuksak ma’naviyat qonun-qoidalari asosida haqiqiy inson qilib tarbiyalashgan, haqiqiy vatanparvarlarni tayyorlashga juda ko‘p e’tibor berilardi. Bu ishga partiyadagilar ham, komsomoldagilar ham, davlat tashkilotidagilar ham jalb qilinar edi. Toshkent oliy partiya maktabini oltin diplom bilan tugatdim. Bir kuni partiya tashkilotimiz sekretari Majidov “Tez tayyor bo‘ling, SKga boramiz“, dedi. Keyin aytdiki, “Poydyomte na verx“, dedilar. Men: “Na kakoy verx“, dedim. U kishi “Sharofu Rashidovichu poydyom“, dedi.
Kirsak, baland bo‘yli, kelishgan inson bizni qarshi oldi, yuzidan nur yog‘ilib turardi. “Keling, qizim“, dedi. Hujjatlarimni ko‘rib: “Qarang, o‘rta maxsus o‘quv yurtida “5“ baholarga o‘qigansiz. Oliy o‘quv yurtini ham “5“ga bitirgansiz, 2 ta farzandingiz bilan o‘qigan ekansiz. Keyin eshitishimcha, mahallada yashagan ekansiz. Endi siz“, deb qaradi-da, “Toshkentda qolasiz“, dedi.
Shunday odam aytyapti, nima deyish mumkin? “Biz kommunistmiz, – dedim. – Nima topshiriq bo‘lsa, bajaramiz“, dedim. Lekin, aytmadi kim bo‘lishimni, aytgani yo‘q. “Komsomolda ishlaysiz“, dedi. Shu yerda meni O‘zbekiston komsomoli Markaziy qo‘mitasining kotibi qilib saylash to‘g‘risida taklif kiritdi.
– Sharof Rashidovich qazo qilgandan keyin u kishining xotirasini abadiylashtirishni bekor qilish to‘g‘risida SK KPSSning qarori chiqqan edi. O‘sha paytdagi sizning xotiralaringiz, xayolingizda kechgan fikrlar haqida gapirib bersangiz.
Mana, har kuni yuz minglab kishilar metroda yuradi. Sharof Rashidovich
metroni qurish uchun Brejnev oldiga necha bor kirgan, Ministrlar
Sovetiga qancha marta kirib chiqqan. Muruntovda oltin konni ochgan,
uni yaratish uchun 10 yillab orqasida yurgan.
– Sharof Rashidovich ajoyib inson bo‘lgan. U kishining faqat bitta maqsadi bo‘lgan, u ham bo‘lsa, mening o‘zbek xalqim yaxshi yashasin, baxtli bo‘lsin degan. Mening xalqim, davlatim boy bo‘lsin, degan. U kishining qilgan ishini hech kim qilgani yo‘q. O‘rta Osiyoda birinchi metro bizda qurilgan. Mana, har kuni yuz minglab kishilar metroda yuradi. Sharof Rashidovich metroni qurish uchun Brejnev oldiga necha bor kirgan, Ministrlar Sovetiga qancha marta kirib chiqqan. Muruntovda oltin konni ochgan, uni yaratish uchun 10 yillab orqasida yurgan. Sharof Rashidovich har gal Moskvaga borganda Muruntovdagi ishlarni yuritishimiz kerak kerak, der edi. Oltin olishimiz kerak, boy bo‘lishimiz kerak, der edi. Navoiy shahri, Zarafshon shahri, bu – Sharof Rashidovich rahbarligida dunyoga kelgan shaharlar. Zilzila bo‘lganda birinchi bo‘lib Moskvaga qo‘ng‘iroq qilgan. Uyg‘ona solib darrov shahar rahbarlarini topib, mashinaga chiqib, endi kun chiqayotgan paytda xarob bo‘lgan shaharni aylanib chiqqan. Shularni Sharof Rashidovich ko‘rib, shu paytda bizda soat 6 bo‘lsa, Moskvada soat 3 edi. Shularga qaramay, Brejnevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon qilgan.
– Ra’no opa, ko‘pchilikning sizdan xafa bo‘lgan paytlari bo‘lgan. O‘zi nima bo‘lgan edi? O‘sha paytda sizga ta’sir, tazyiqlar bo‘lgandir, ehtimol. Haqiqatni aytish payti kelmadimikan?
– Haqiqatni aytsak, bu juda chuqur masala, chunki O‘zbekiston, respublika kadrlarini, birinchi rahbardan tortib to rayon-tuman rahbariga qadar faqat Moskva hal qilar edi. Men o‘zim xohlarmidim, xohlamasmidim, SK sekretari bo‘lganman, meni ular qo‘yishgan.
– Sharof Rashidovichga qaytadigan bo‘lsak, o‘sha paytda ayrimlar o‘zlarini noto‘g‘ri tutishdi. Masalan, biz Sharof akaning gipnozi ostida qolgan edik, deguvchilar ham topildi. Ayting-chi, haqiqatdan ham Sharof akaning shunaqa sehrli ta’sir kuchi bormidi?
– Sharof Rashidovichning juda katta bir kuchi bor edi. Har bir inson unga, shu kishiga yaqinroq bo‘lay, shu kishi bilan suhbat qilay, so‘zini eshitay deb, biz, aktivistlar ham shunga intilardik. Gipnoz so‘zi, bu yangi Birinchi sekretarimiz Usmonxo‘jayevning gapi edi. SKning 16- plenumini noto‘g‘ri tushunishdi, u yerda Sharof Rashidovning nomiga bironta yomon gap aytilgani yo‘q. Faqat kamchiliklar to‘g‘risida gapirildi. Respublikada shunaqa kamchiliklar bor. Sharof Rashidovichga juda qarshi chiqqanlar SK KPSSda edi.
– Lekin O‘zbekistonda ham unga qo‘shilganlar bo‘ldi. Haqiqat qayerda edi?
– Haqiqat shuki, Sharof Rashidovich o‘lgandan keyin bizda u kishiga boshini egib “assalomu alaykum“, deganlarning qora maqsadi bo‘lgan. Sharof Rashidovichning o‘rnini olish to‘g‘risida. Ularning rejasi o‘tmadi. Usmonxo‘jayev rahbar bo‘ldi.
– Navro‘z bayramini Ra’no opa to‘xtatib qo‘ygan, xalq bayramini bekor qilib, o‘tkazmaslik to‘g‘risida topshiriq bergan, degan gaplar bo‘lgan. Bu qayerdan chiqqan gap edi va ular kimga kerak bo‘lib qolgandi shu paytda?
Bizda Navro‘z degan bahor bayrami bor, lekin biz uni o‘tkazmaymiz.
Kim qanday o‘tkazsa, sekingina o‘zi o‘tkazadi, bu umumiy xalq bayrami
bo‘lmagan. Shu bayramni chiroyli qilib o‘tkazsak, dedim yozuvchilar oldida.
Ular qarsaklar chalib qabul qilishdi.
– Hujjatlar asosida gapiraman, men respublika ideologiya sekretarlarini yig‘ib, obkom, raykomlarning mafkura kotiblariga “ko‘p davlatlarda ajoyib bahor bayramlari bo‘ladi“, dedim. Bizda Navro‘z degan bahor bayrami bor, lekin biz uni o‘tkazmaymiz. Kim qanday o‘tkazsa, sekingina o‘zi o‘tkazadi, bu umumiy xalq bayrami bo‘lmagan. Shu bayramni chiroyli qilib o‘tkazsak, dedim yozuvchilar oldida. Ular qarsaklar chalib qabul qilishdi. To‘g‘ri, u paytda faqat fikr bor edi, hali qaror yo‘q edi. Keyin hujjat tayyorlay boshladik, oldinda hali 1 yil bor edi. Men faqat bitta masalani qo‘ydim. Bahor bayramiga qanday nom beramiz, dedim. Navro‘z deb qoldiramizmi yoki Navbahor deb ataymizmi, dedim. Keyin men bu masalani SKning byurosiga qo‘ydim. Byuroda o‘tirishibdi, bilasizmi, u yerda o‘tirgan erkaklarning qilgan qilig‘ini ko‘rib, jahlim chiqib ketadi. 1-2 oy o‘tgandan keyin hamma ish ketayapti, rayonlarda bahor bayramiga tayyorgarlik bo‘layapti. Bayramni qanday bezatish kerak, qanday konsertlar bo‘lib o‘tishi kerak kabi masalalarni ko‘rayapmiz. 7 mart kuni meni byuro yig‘ilishiga chaqirishdi. Endi Nishonov, Salimov boshqa ishga o‘tishgan. Nishonov Prezidium raisi bo‘lgan, Moskvadan kelgan Anishchev 2-sekretar, yana SKning xo‘jalik sekretari o‘tiribdi.
“O‘rtoq Ra’no Habibovna, hamma faollarni jalb qilib, qanaqadir bahor bayramini o‘tkazmoqchi bo‘libsiz?“ dedi Usmonxo‘jayev. “Men siz bilan maslahatlashib qildim axir shu ishni“, dedim. Hali qaror chiqarganimizcha yo‘q. Nishonov bo‘lsa: “Eto religiozniy prazdnik, zachem Vi, Ra’no Xabibovna, etot vopros podnimayete?“ deydi. Keyin Alimov gapirdi, keyin Antonov turib: “Eto vi vinovati, chto 500 tisyach tonn xlopka mi nedopoluchili. Potomu chto vi dali ukazaniye jurnalistam kritikovat defolianti, chtobi ne primenili na xlopkovodstve butifos, kotoriy unichtojayet listya xlopchatnika, chtobi urojay mexanizmami sobirat“. Muhokama qattiq ketayapti. Keyin men Antonovga “Ya soglasna prinesti izvineniya pered narodom, chto oshibku sdelala, yesli vi svoyu vnuchku ili vnuka posadite na xlopkovoye pole i chtobi samolyot proletel nad ney i opilil eto pole butifosom“, dedim. Hamma jim bo‘ldi.
– Ra’no opa, ikki shaxs haqida sizdan so‘ramoqchi edim, avvalambor, Sharof Rashidovichning Brejnev bilan munosabatlari haqida gapirib bersangiz.
– Juda yaxshi munosabatda edi ular. Brejnev Sharof Rashidovga juda katta hurmat bilan qarar edi. Rashidov doimo Brejnev bilan gaplashadimi, soyuzniy ministrlar bilan gaplashadimi, ularga “brat” deb murojaat qilar edi. Chunki men ular gaplashganlarida kabinetlarida bo‘lgan paytlarim bo‘lgan. Ittifoqning barcha ministrlari ham Sharof Rashidovga chuqur hurmat bilan murojaat qilishar edi. Mana, Chingiz Aytmatovni oling, Gdlyan, Ivanovlar “o‘zbek ishi” deb chiqqanida u juda katta va qattiq maqola yozgandi bizni yoqlab. O‘zbek xalqini haqorat qilyapti bu odamlar deb, bizning tarafimizni olgan, Sharof Rashidovichning tarafini olib, yaxshi-yaxshi gaplarni aytgandi. Sharof Rashidovichning SK KPSS xodimlari oldida obro‘si juda baland edi.
– Endi Sharof Rashidovichning Andropov bilan munosabatlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Andropov... Mana shu paytda Sharof Rashidovichga qarshi fikrlar, ishlar paydo bo‘ladi. “Semeystvennost“, oshna-og‘aynigarchilik avj olgan, deyishgan. Haqiqat esa boshqacha edi. Sharof Rashidovning o‘g‘li KGBda ishlagan. Ilhom juda aqlli yigit, ishbilarmon, o‘z ishini chuqur biladigan mutaxassis, chet mamlakatlardan kelib, O‘zbekistonda yashirin ishlar bilan shug‘ullangan josuslarni tutgan, hibsga olgan. Ko‘p jiddiy ishlarni ochgan. Kelajagi buyuk bo‘ladigan inson edi. Ishdan asossiz haydaldi. Qizlari Sayyora – Kimyo institutining direktori edi. Ukasi Asil aka va boshqalar yaxshi xizmat qilib yurishardi. Birortasi manmanlik qilganini ko‘rganim yo‘q. Ayollari Xursand G‘afurovna shunaqa bir aqlli ayol edilar. Hech vaqt men shunday ulug‘ insonning ayoliman, deganini eshitmaganmiz. Oilasiga, eriga sadoqatli ayol edi. U-bu yirik tadbirlarga Sharof Rashidovich oilasi bilan kelar edi. Shu paytlari salomlashib o‘tirar edik.
– Ra’no opa, tariximizda shunday davrlar bo‘ldiki, biz o‘zimizning fuqarolarimizni himoya qila olmay qolganmiz, ularga boshqa davlatning qonun-qoidalari asosida, o‘zga davlat sudi va prokuraturasi tomonidan hukm chiqarilib, qamoq jazosi qo‘llangan. Shunday bir davrni boshdan kechirdik. O‘zbekiston Mustaqilligi, o‘zbek xalqining kelajagi haqida, bugungi amalga oshirilayotgan ishlar haqida nima deya olasiz?
– Sharof Rashidovichning 100 yilligi bo‘lganida Prezidentimiz o‘z nutqida aytdilar-ki, hech kim unutilmaydi, ularning qilgan ishlari ham doimo yodimizda, dedi. Hammasini biz unutmaymiz, eslaymiz, dedi. Men shunda o‘zimcha aytdim: haqiqatni xalq albatta bilishi kerak. Endi qarang, bizdan, xalqdan so‘ramay, indamay, yosh rahbarimiz Fayzulla Xo‘jayevni otib tashladilar. Moskvaga chaqirib, shu yerda avval qamoqqa olishdi, keyin otib yuborishdi, Sharof Rashidovich shunday katta xizmatlar qilgandan keyin, obro‘yini bir pul qilib, nomini qoraladi o‘lganidan keyin, ha, tirikligida gapirmaysanmi?! Men bitta taklif kiritganman, uni ham butunlay buzib, bulg‘ab boshqacha qilishdi. 16-plenumda aytganman, Moskvadan, SKdan ikki-uch odam kelgandi, ular qatnashib turishibdi. Mana, Moskvadan bizga yordamga odamlarni yuboryapsizlar, men ularni yomonlamayman, lekin ular hali bizda ishlamagan, ko‘p narsani bilishmaydi, malakasi ham bo‘sh, dedim. Mening taklifim bor: bizda ham sovet, partiya tashkilotlarida iste’dodli yosh yigit-qizlar bor, ularni ham Moskvaga chaqirib, boshqa respublikalarga yuboringlar, ular ham o‘sha yerlarda ishlashsin, tajriba orttirsin, ular ham ko‘rsin SSSRni butun borlig‘i bo‘yicha, dedim. Faqat o‘zining respublikasidagina ishlab yurmasin, dedim. Biz katta davlatmiz, dedim. Boshqa respublikalardan bizga yuboryapsizlar dedim, bizni faollarimizni esa ko‘tarmayapsizlar Moskvada dedim. Bularni butunlay boshqacha qilib, ruslarni chaqirdi, deb teskarisini aytishgan. Ularni hammasini Xudoga soldim.
– Usmonxo‘jayev birinchi rahbar bo‘lishiga qaramay, sizdan hadiksirab turardi, oldingizda o‘ylab gapirardi. O‘sha paytda, go‘yo Ligachev sizga: “Ra’no, ti budesh pervim sekretaryom SK Kompartii Uzbekistana”, degan ekan. Bu gaplar qanchalik haqiqatga to‘g‘ri keladi?
Birortasiga qarshi chiqqanim yo‘q. Yig‘ilishda Byuro
a’zolarining oldida turibman. Usmonxo‘jayev indamay o‘tiribdi.
Antonov: “vot iz-za neyo mi 500 tisyach tonn xlopka ne dodali,
eto ona vinovata”, degan edi o‘sha byuro yig‘ilishida.
– Endi, bu gapga kelsak, shu paytda gap tarqaldi – Ra’no Habibovna Markazkomning 1-sekretari bo‘lar ekan, degan. Bu gap qayerdan kelgan desak, shu paytda bizning ham bir-ikki odamlarimiz Moskvada ishlar edi. Shular yetkazdimi, boshqalarmi, bilmadim. Menda aniq ma’lumot yo‘q. Kecha-kunduz ishlab yuribman. Lekin shu paytda birdaniga menga nisbatan munosabat o‘zgaradi. Usmonxo‘jayev tomonidan, boshqalar tomonidan. Navro‘z bayrami haqida gap yo‘q, Byuroga u-bu hujjatlarni kiritaman, munosabat bo‘lsa yo‘q. Men e’tibor bermay ishlayverdim. Bir kun meni byuro yig‘ilishiga chaqirishdi va ishdan olishdi. Antonov shu byuroda meni ishdan olganda ne gaplarni gapirmadi deng, bularning hammasi arxivda bor. Byuro a’zolarining bir qator takliflariga shu paytda men qo‘shilmaganman, qarshi chiqqanman. Bo‘lmagan gaplarni gapirib, “snyat s raboti”, deb qaror chiqarishdi. Birortasiga qarshi chiqqanim yo‘q. Yig‘ilishda Byuro a’zolarining oldida turibman. Usmonxo‘jayev indamay o‘tiribdi. Antonov: “vot iz-za neyo mi 500 tisyach tonn xlopka ne dodali, eto ona vinovata”, degan edi o‘sha byuro yig‘ilishida. Keyin shu byuroda Rafiq Nishonovich menga: – Nima qilasiz mana shu bayramni targ‘ib qilib, nima kerak bizga bunaqa bayram, – deydi. Temur Agzamovich Sovminda mening qo‘l ostimda ishlagan odam. Keyin lavozimi ko‘tarilgan. U aytdi-ki, Ra’no Habibovna umuman tashkilotlarda bo‘lmaydi, ishchilar bilan uchrashmaydi, deydi. Axir kechagina men oblastda bo‘lgan edim, bugun shu gaplarni eshitib turibman. Men shunda o‘zimcha: “past odamlar ekan ular, nima qilaman ularga teng kelib”, dedim ichimda. Ishdan olishdi, bir og‘iz gapirganim yo‘q. Gap shundaki, bu ishni SKning shu paytdagi 1-sekretari uyushtirgan ekan. Nishonovning Moskva bilan aloqasi yaxshi bo‘lgan bo‘lsa kerak shu paytda. Usmonxo‘jayev o‘zining o‘rnidan, kreslosidan qo‘rqqan bo‘lsa kerak. Boshqalar ham yuqoriroq lavozimga o‘tishni xohlagan bo‘lsalar kerak. Meni ishdan olishgach, uch oy ishsiz yurdim. Keyin: “Vi chto xotite?” deb so‘rashdi. “Ya poydu rabotat v institut istorii”, dedim. Keyin katta ilmiy xodim qilib yuborishdi. 3 oy ishladim oktyabrga qadar. Kunduzi 3 kishi institutda mening kabinetimga kirib kelishdi. “Ra’no Habibovna, siz shuncha yil ishlagansiz, Respublikada nima bo‘layapti yaxshi bilasiz, maslahatingizga muhtojmiz, biz SSSR Bosh prokuraturasidanmiz”, deyishdi. “Savolinglar bo‘lsa, beringlar”, dedim. “Mumkin bo‘lsa, suhbatni bizning kabinetimizda o‘tkazsak”, dedi shu kishi. U guruh rahbari bo‘lsa kerak. “Mayli”, dedim. Mashinada kelishgan ekan. Bittasi haydovchining yoniga o‘tirdi. Ayol bir yonimga o‘tirdi, erkak boshqa yonimga, men o‘rtada. Mening hech narsadan xabarim yo‘q, to‘ppa-to‘g‘ri KGBning binosiga olib kelishdi. Binoning ikkinchi qavatini Moskvadan kelganlar Gdlyan, Ivanovlar olishgan ekan. Keyin bilishimcha, Sovet Ittifoqi Bosh prokurorining birinchi muovini ham kelgan ekan. Meni olib kirishdi, salom-alik bo‘ldi. Keyin Katusev, keyin bilsam u kishi SSSR Bosh prokurorining muovini ekan, menga savol berayapti. Men uni tanimayman. Gdlyanni ham tanimayman. Bittasi: “Men Gdlyanman”, dedi. Familiya, ismi-sharifini aytdi. Katusevni ko‘rsatib, Bosh prokurorning birinchi muovini dedi. Keyin Katusev “Vot, kak Vi dumayete, pochemu mnogo prestupleniy v Uzbekistane”, deb so‘radi. Men bilmayman dedim, lekin barcha respublikalar qatori bizda ham kamchiliklar bor dedim. Yig‘ilishlarimizda bu kamchiliklar aytiladi, ularga qarshi kurashayapmiz, dedim. “Poraxo‘rlik-chi?” deb so‘radi. “Sharof Rashidov poraxo‘rlik haqida ham gapirgan, tanqid qilgan. Qarorlarda, dokladlarda bor ular, muhokama qilinardi”, dedim. Katusevning birdaniga rangi o‘zgarib, “Vi mne davayte, skazku ne rasskazivayte. Siz balki pora olgandirsiz”, dedi shunda ochiqchasiga. “Men Ra’no Habibovna Abdullayeva bo‘laman. Mening nomimga bunday iflos gaplarni qilmang. Mening o‘zimga yarasha ma’lumotim, obro‘yim bor”, dedim. Kabinetda boshqa hech kim yo‘q edi. Gdlyan bilan Katusev o‘tiribdi.
U “Bizda dalillar bor, bilasizmi, hurmatli insonlar sizga ko‘rsatma berishdi”, deydi. Shu paytda obkomlarning birinchi sekretarlari, tashkilotlarning partiya sekretarlari qamalgan edi. Moskvaga kimlarni olib ketganlarini men bilmayman.
“Men hech qachon, hech kimdan pora olmaganman va hech kimga pora bermaganman”, dedim. “Yo‘q, siz hammasiga javob berasiz” dedi. Katusev. Gdlyan quloq solib o‘tiribdi. Shu payt Katusev bizni qoldirib ketdi. Gdlyan keyin menga: “Nima, sen kim bilan gaplashganingni bilmadingmi, u kishi SSSR Bosh prokurorning muovini. Undan ko‘ra bo‘yningga olsang bo‘lmaydimi, nimalar olganingizni ayting. Katta-katta ishlarda ishlagan odamlar aytayapti sizga pora berganini”, dedi.
“Ayting, kim ular, kim aytayapti”, dedim. “Aytamiz vaqti kelganda”, dedi.
“Bilasizmi, men bunday ishlar bilan umuman shug‘ullanmaganman, mening otam KGBda ishlagan, obro‘li odam bo‘lgan. Men otamning qiziman”, dedim. Uning jahli chiqib ketdi, gapni eshitishni ham xohlamadi.
Ular shunday edi-ki, xuddi O‘zbekiston ularning koloniyasidek ish olib borardi. Xohlasa qamaydi, xohlasa ozod qiladi. Keyin Katusev qaytib keldi.
“Xo‘sh, endi tushundingizmi biz sizni nega chaqirganimizni. To‘g‘risini gapiring, pora olganman deng”, dedi va uchta qamalganlarning familiyasini aytdi. “Siz shularni tasdiqlab bering, bo‘yningizga oling va biz ketamiz, bo‘lmasa sizni qamaymiz”, dedi.
“Meni osing, oting, ammo qilmagan ishimni qildim, deb aytmayman”, dedim.
“Unaqada qamaymiz”, dedi. “Mayli”, dedim men.
Sumkamni oldi, uyning kalitlarini oldi. Keyin ikkita odamni chaqirishdi. Shu yerda – Toshkentda, mening otam ishlagan binoda, otam o‘ldirilganidan ellik yildan keyin, meni qamoqqa olishdi. 1937 yilda otamni, 1987 yilda meni qamashdi.
KGB kamerasida yotibman. Har kuni so‘roqqa uch-to‘rt marta chaqirishadi. Bolalarim bilganidan keyin qizim: “oyi, biz shok, gung, kar holatda edik”, dedi.
Uyga borishadi, tekshirishadi, hech narsa topolmaydi. O‘rtog‘im 2-3 oylik maoshini olib qo‘ygan ekan. Shuni topishdi. Qizimga “Issiq palto, kiyim olib kelinglar, onangizni Rossiyaga jo‘natamiz”, debdi. Keyin meni Toshkentdan Moskvaga olib ketishdi. Kechagina Ra’no opa, Ra’no opa, deb hurmat qilib yurganlar endi yolg‘on gapirishga tushishdi.
Bittasi faqat Sharof Rashidovning tavallud yilligida bo‘lganim-da, o‘sha yerda tiz cho‘kib, “Ra’no Habibovna, meni kechiring”, dedi. Qarib qolgan. Holiga achindim. Keyin o‘g‘li: ”Dada, ketdik”, deb olib ketdi.
– U odam qanday lavozimda ishlagan edi?
– Avtonom Respublikada katta lavozimda.
– Ra’no opa, yaqinda uch-to‘rtta kitobingiz Moskvada chiqdi, endi nimalar ustida ishlayapsiz?
– Sizga aytib o‘tganimdek, tarix institutida ishlaganman. Men u yerda ishlaganimda oldimga odamlar kela boshladi, so‘ngra institutni ham ikki-uch yildan keyin yopishdi. Men oldindan ariza berib ketdim.
– Nega yopishadi?
O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining obro‘sini o‘ylaganida,
ming-minglab nohaq qamalib ketganlarni eslaganida yangi
rahbarlar mana shu nohaq hukmlar asosida Gdlyanga qarshi, Ivanovga
qarshi, Katusev va Karakozovga qarshi ish boshlashi kerak edi.
– Axir men u yerda ishlardim-da. Avval propusk sistemasi yo‘q edi, uni joriy etishdi. Tepadan topshiriq keldi. Shundan keyin institutda propuskli sistema bo‘ldi. Qani ko‘raylik-chi, kim Abdullayevaga borib, nima deydi, deb ta’qib qilishdi. Telefonimni eshitishardi. Men Moskvadan kelganimdan keyin oldimga juda ko‘p odamlar kelishdi. Ularni uyim atrofida KGB xodimlari ushlab, qayerga borayapsan, nimaga borayapsan”, deb so‘roqqa tutishar edi. Shunday qilib, o‘z Vatanimda quvg‘in bo‘la boshladim.
Kitoblarim haqida gapirsam, men vaqtimni faqat kitob o‘qish, yozish bilan o‘tkazdim. Ona to‘g‘risida ballada yozdim, bolalar to‘g‘risida asar yozdim, rus tilida kitoblar chiqardim. Bir kitobimda sahifaning bir tomonida o‘zbek tilida, ikkinchi tomonida matn ruscha bo‘ldi. Hajmi uncha katta emas. Moskvada chiqdi, keyin bu yerga olib keldim. Lenin to‘g‘risida ham, SSSR nima sababdan tarqab ketganini yozganman. Keyin Moskvada SSSR Oliy sudida gapirgan nutqimni “Preodoleniye Ada” nomi bilan chiqardim. Shu yerda hamma gap yozilgan. Bir tarixiy narsani aytib beray. Ittifoqning barcha – 15 ta respublikasidan shu yerga sudga kelgan rahbarlarning birontasi oqlanmagan 74 yil davomida yoki otishga hukm qilingan yoki 10 yillab Sibirga yuborishgan. Faqat men o‘zbek ayoliman, o‘zbek xalqining bolasiman va yolg‘iz meni oqlab chiqarishdi. Bu yerda ikkita sabab bor. Biri hech qanday jinoiy ishning o‘zi yo‘q edi, ular esa menga “delo” ochishgan. Jinoyatni o‘zlari topishadi, o‘zlari o‘ylab chiqaradi. O‘zlari hukm chiqarishadi, uni o‘zlari ijro etishadi. Bu eng katta jinoyat.
O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining obro‘sini o‘ylaganida, ming-minglab nohaq qamalib ketganlarni eslaganida yangi rahbarlar mana shu nohaq hukmlar asosida Gdlyanga qarshi, Ivanovga qarshi, Katusev va Karakozovga qarshi ish boshlashi kerak edi.
Nishonovga qarshi ham, chunki Nishonov bu ishlarga siyosiy rahbarlik qilgan. Qattiq talab qilishi kerak edi Rossiyadan, bularni bizlarga beringlar, biz bu yerda o‘zimiz ish boshlaymiz ularga qarshi deb.
Qarabsizki, adolat qaror topardi, boshqa hech qanday qaror, hukm kerak emas, chunki Oliy sudning qarori bor. Qarorda hamma narsa yozilgan. Bundan tashqari, Bosh prokuraturaning eng taniqli xodimi Gorev sudda: “Ra’no Habibovna aybdor emas”, degan. Mening ishim ochiq zalda 500 kishi oldida ko‘rilgan. Ochiq sud bo‘ldi. Men 7 soat gapirdim, ularning qilgan hamma ishlarini ochib tashladim. Oliy sudda u-bu gapingiz o‘tmaydi. Har bir faktni asoslab berdim. Men tuhmat qilib aytilgan gaplarning hammasini rad etib tashladim. Katusev nima qilgan? Katusev Bosh prokurorning muovini bo‘la turib, o‘zi qonun-qoidani buzgan, dedim.
Qamalgan odamni faqat SSSR Oliy Soveti Prezidiumining qarori bilan chiqarish mumkin, dedim. U kishi esa o‘z qo‘li bilan qo‘l qo‘yib qamalsin, deb o‘tiribdi. Kim unga shunday huquq bergan? Qonun shunaqa-ki, qamoqda qoldirganda ham o‘sha oliy tashkilotning qarori chiqqan bo‘lishi kerak edi. Oxirida mening “delo”mni berishdi. Men 1 oy mobaynida “delo”ning har bir betini ko‘rib chiqib, kim nima degan, qanaqa bo‘lgan va hokazolarni o‘rgandim. Men “mana “delo”da turibdi, lekin biz bunaqa gaplarni eshitmaganmiz”, dedim. Ular ataylab meni ayblash uchun aytgan, deb yozayapti prokuror, dedim. So‘ng Vatanga keldimu bir narsani sezdim – oqlanib chiqqan bo‘lsam ham Ra’no Habibovnaga ish berilmasdi.
Sababi, Islom Karimov hukumatda ishlaganida mening qo‘l ostimda ishlar edi-da. Hech qanday kitobim chop etilmadi, gazeta, radio, televideniyega chiqarilmadi. Jimjit. faqat 1 ta intervyu bo‘ldi. Muxtorov o‘zining gazetasida bosib chiqardi. Oz-moz vaqt o‘tgandan keyin Muxtorovni ishdan olishdi. Halima Xudoyberdiyeva kichikroq intervyumni berdi, uni ham ishdan olishdi. Hech kim bilmas edi nima uchun ular ishdan olinganini, men bilardim, tushunardim. Men to‘g‘rimda yaxshi intervyu berishgan edi ular. Muxtorovni ham xuddi shunday ishdan haydashdi. Bir nashriyotning rahbari keldi-da: “Ra’no opa, keling, tarjima qilgan shu maqolalaringizni to‘g‘rilab bering, nashr etaylik O‘zbekistonda, dedi. Men indamadim, u kitob chiqmasligini bilar edim. Avval juda faol bo‘ldi-da, keyin birdaniga u ham yo‘q bo‘lib ketdi. Bilishimcha, “Chiqarib ko‘r, idorangni reviziya qilamiz”, deb, uni qo‘rqitishgan ekan. Qo‘ng‘iroq ham qilmadim, bormadim ham. U ham kelmadi. 1987 yildan beri mana, sizlar birinchi bor 2019 yilda keldingiz. O‘sha uchun man tashvishlanyapman, sizlarga qarshi ham yana biron-bir ish qilib qo‘yishmasin deb. Ayrim menga qarshi ish olib borgan odamlar haliyam binoyi joylarda ishlab yurishibdi.
– Ra’no Habibovna, hozir O‘zbekiston Mustaqilligining yangi davri boshlandi. Bugungi kunda mamlakatda olib borilayotgan ishlar haqida ham ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsangiz.
Kamchiliklarni jurnalistlar ochishi kerak. Jurnalistlar
gapirishi kerak. Men hali unaqa jurnalistlar bilan uchrashganimcha
yo‘q. Jurnalistlarning ko‘pchiligi aqlli odam, ularning boshidan
ham ko‘p qiyinchiliklar o‘tgan. Faqat nima bo‘lar ekan deb qarab
turish kerak emas. Ularning ham bola-chaqasi bor.
– Shavkat Miromonovichni bilaman. Ishonaman-ki, yaqin 2-3 yilda katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Qarang, qanaqa qarorlar qabul qilinayapti. Agar shu kishi boshqa hech narsa qilmay, shunday masalalardan bittasini ko‘targanida ham tarixda qolar edi. Davlat tashkilotlari xalqqa xizmat qilishi kerak, qonun ishimizda ustuvor bo‘lishi kerak, deyapti. Faqat mana shu gaplarni aytib, boshqa ishlarni qilmay, shularnigina amalga oshirganlarida ham bu kishi ulug‘ inson sifatida tarixda qoladi. Bizlarning baxtimiz bor. Prezident rahbarligida bo‘layotgan ishlarni 100 foiz ma’qullaymiz. Lekin Prezidentimizga yordam berishimiz kerak. Mana, muxbirlar, televideniye xodimlari va boshqalar yordam berishlari kerak. Kamchiliklar ko‘p, ko‘proq u kishi ko‘rsatgan yo‘ldan yurib, shu kamchiliklarimizni yo‘qotishga yordam berishimiz kerak. Kamchiliklarni jurnalistlar ochishi kerak. Jurnalistlar gapirishi kerak. Men hali unaqa jurnalistlar bilan uchrashganimcha yo‘q. Jurnalistlarning ko‘pchiligi aqlli odam, ularning boshidan ham ko‘p qiyinchiliklar o‘tgan. Faqat nima bo‘lar ekan deb qarab turish kerak emas. Ularning ham bola-chaqasi bor.
Qani, endi yoshlar qattiqroq ishlasa, Yoshlar tashkiloti jon-jahdi bilan faol qatnashsa, Prezidentimizni ko‘rsatgan yo‘l-yo‘rig‘idan yurib, yordam berishsa... Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Respublikamizda boy odamlar ko‘payishi kerak, mehnat qilsa, nima uchun boy bo‘lmasligi kerak, dedi u kishi. O‘z mehnati orqasidan boy yashashi kerak, tinchlik bo‘lishi kerak, oilasi osoyishta bo‘lishi kerak. Ilgari teskarisi aytilardi, boy odam o‘g‘rilik bilan yashayapti, o‘g‘irlik bilan boyib ketayapti deb. Zamon o‘zgardi, yaxshi o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.
– Ra’no Habibovna, o‘tkir masalalarga chuqur va atroflicha to‘xtalganingiz, dadil mulohazalaringiz, bergan javoblaringiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Sog‘ bo‘ling.
Suhbatdosh: Irismat ABDUXOLIQOV,
operator: Yoqub MELIBOYEV.
Manba: O‘zA
Kiritildi: 17:42 24.06.2019.
O'qildi: 8724 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.