2024 yil 20 fevral kuni fuqaro SH.V. “Cobalt” rusumli avtomashinani "Qo‘qon-Mulkobod-Gulbog‘ Pungan” avtomobil yo‘lining Dang‘ara tumanidan o‘tgan qismida boshqarib ketayotib, boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng chetida harakatlanib ketayotgan bir nechta piyodalarni urib yuborib, yo‘l-ulov hodisasi sodir etgan va hodisa joyidan yashiringan. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida 26 yoshli haydovchining shaxsi aniqlangan va mast holda avtomobil boshqarganligi ma’lum bo‘lgan. O‘tkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, haydovchi SH.V.ning peshobi tarkibida etil spirti va kuchli ta’sir qiluvchi “tropikamid” dori vositasi mavjudligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JK ning 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yo‘l transport hodisasi sodir etgan SH.V.ga nisbatan "Qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ushbu jinoyat ishi Qo‘qon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Haydovchi SH.V. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
Sud hukmi bilan haydovchi SH.V. Jinoyat kodeksining 117-moddasi 3-qismi “a” bandi (xavf ostida qoldirish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) va 266-moddasi 3-qismi “a” bandida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.