Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida suyultirilgan gazni talon-toroj qilish holatlari fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Amudaryotumangaz” mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, 7 ta MFY hududida yashovchi 171 nafar fuqaroning xonadonlari umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lsa-da, ularning nomiga elektron kartalar ochib, suyultirilgan gaz yetkazib berilganligi haqida soxta ma’lumotlar tuzib, 220,3 mln so‘mlik suyultirilgan gazni rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Nurobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Nurobodtumangaz” mas’ul shaxslari suyultirilgan gazni sotishdan tushgan 148,3 mln so‘mni bankka topshirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.