Dunyodagi eng boy insonlardan biri Ilon Mask AQShda yashayotgan har bir bolaga o‘zining SpaceX kosmik kompaniyasidan ikkitadan aksiya sovg‘a qilish niyatida. Aksiyalardan biri kompaniya nomidan, ikkinchisi esa shaxsan Mask tomonidan taqdim etiladi. Bu haqda milliarder X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
AQShda 18 yoshga to‘lmagan qariyb 72 million nafar bola va o‘smir istiqomat qiladi. SpaceX kompaniyasining bitta aksiyasi qiymati 127 dollardan ortiqni tashkil etadi. Demak, ikkita aksiyaning umumiy qiymati qariyb 255 dollarga teng. Barcha bolalarga aksiya tarqatish uchun taxminan 18,36 milliard dollar talab etiladi.
Maskning ta’kidlashicha, bolalar sovg‘ani uzoq kutishiga to‘g‘ri kelmaydi. «SpaceX nomidan beriladigan aksiya kelasi oyda taqdim etiladi», — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. Uning shaxsiy aksiyasi esa 2027 yil iyun oyida berilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Mask oktyabr oyida ham har bir bolaga kompaniyaning bittadan aksiyasini sovg‘a qilishga va’da bergan edi. Endi esa ushbu sovg‘aga yana bitta aksiya qo‘shmoqda.
Dunyodagi eng boy inson uchun bu mablag‘ uning umumiy boyligining nisbatan kichik qismini tashkil etadi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Maskning boyligi taxminan 822 milliard dollarga baholangan. Uning ixtiyorida SpaceX kompaniyasining qariyb 6,42 milliard dona aksiyasi mavjud. 72 million nafar bolaning har biriga bittadan aksiya berish uchun mazkur aksiyalarning bir foizidan sal ko‘prog‘ini ajratish kifoya qilgan bo‘lar edi.
Shu bilan birga, Mask o‘z kosmik kompaniyasining kelajagiga katta umid bog‘lamoqda. Uning fikricha, agar SpaceX boshqa sayyoralarni o‘zlashtirish va Quyosh energiyasining kichik bir qismidan foydalanish imkoniyatini yaratsa, kelajakda kompaniyaning qiymati bugungi jahon iqtisodiyotining umumiy qiymatidan ham bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin.
Mask bolalarga o‘z aksiyalarini saqlab qo‘yishni ham tavsiya qildi: «Men sizlarga aksiyalaringizni saqlab qo‘yishni maslahat beraman».