O‘zbekiston Superligasida 22 yillik tarix takrorlanmoqda. 2004 yildan buyon ilk bor chempionatning kuchli uchligini «Neftchi», «Paxtakor» va «Navbahor» jamoalari tashkil etadigan bo‘ldi.
27-turdan keyin farg‘onaliklar 61 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Paxtakor» 59 ochko bilan ikkinchi, «Navbahor» esa 55 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
E’tiborlisi, «Neftchi» raqiblariga nisbatan bitta o‘yin kam o‘tkazgan. Shu bois chempionlik uchun kurashda farg‘onaliklar nisbatan qulay vaziyatda.
Matematik jihatdan har uchala jamoada ham chempionlik imkoniyati saqlanib qolgan.
20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan «Neftchi» va «Navbahor» o‘rtasidagi vodiy derbisi chempionlik poygasida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu qarama-qarshilik natijasi mavsum yakunidagi o‘rinlar taqsimotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu tariqa, Superliganing yakuniy turlari nafaqat chempionlik, balki sovrindorlar o‘rtasidagi o‘rinlar uchun ham qizg‘in kurash ostida o‘tishi kutilmoqda.