Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, kelgusi yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish davomida Prezidentimizning Oliy Majlis palatalarida qilgan ma’ruzalaridagi strategik yo‘nalishlar, aniq vazifalarga e’tibor qaratildi. Qo‘mitalar tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlar, siyosiy partiyalar fraksiyalaridagi muhokamalarda deputatlar tomonidan 100 dan ortiq savollar, 10 dan ortiq konseptual ahamiyatga ega taklif va tavsiyalar berildi.
Majlisda Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy byudjetlar va Davlat maqsadli jamg‘armalariga oid loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalariga oid ma’lumotlar chuqur tahlil qilinganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda 2025 yilda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish masalalariga aniqlik kiritildi. Shuningdek, kelgusi yil “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan ushbu yo‘nalishlarga sarflanadigan mablag‘larning manzilliligi va natijadorligiga e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘lar manzilliligi, bunda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaslik uchun qanday choralar ko‘rilishi, yashil byudjetlashtirish uchun rejalashtirilgan xarajatlar natijadorligi, shuningdek, byudjet mablag‘lari ustidan moliyaviy nazorat tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha savol hamda aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
Qonun loyihasida byudjet taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishda qonun talablariga qat’iy rioya qilish, davlat tashqi qarzining va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha loyihada belgilangan chegaradan oshib ketmaslik bo‘yicha hukumatning o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlari deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.