Senatning 20–21 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan XX yalpi majlisida 2021 yilgi davlat byudjeti parametrlariga o‘zgartirish kiritish masalasi muhokama qilindi.
2021 yil uchun xarajatlar prognozi quyidagicha o‘zgartirilishi ko‘zda tutilmoqda:
“Qo‘mitamizga “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun kelib tushdi. Qonunning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi 45-moddasiga asosan moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirish, byudjet xarajatlarini maqbullashtirishdan iborat.
Senatda moliya vazirining hisobotini ko‘rib chiqqanimizda 2021 yilning 1-yarmida davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining jami daromadlari 91,3 trln so‘m yoki belgilangan prognozning 53 foizini tashkil etganidan xabarimiz bor. Bu ko‘rsatkich davlat byudjeti daromadlarini ma’lum miqdorda ko‘payib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, hisob-kitoblarga ko‘ra, yil yakuniga qo‘shimcha manbalar hisobidan daromadlar tushumining ko‘payishi, jumladan, davlat byudjeti daromadlari qabul qilingan qonunda belgilangan 142,7 trln so‘m o‘rniga 173,1 trln so‘mni tashkil qilishi kutilyapti.
Shu bilan bir qatorda davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,1 trln so‘m o‘rniga 28,2 trln so‘mni tashkil qilyapti. Davlat byudjeti daromadlarining ko‘payishi salkam 26 trln so‘mni tashkil qilyapti. Bu mablag‘lar, albatta, qo‘shimcha ravishda xarajat qilinishi belgilanishini talab qiladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimanki, davlat maqsadli jamg‘armalari xarajatlari belgilangan 40,7 trln so‘m o‘rniga 40,8 trln so‘m miqdorida hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlari 13,4 trln so‘mdan 24,2 trln so‘mga ko‘payishi kutilmoqda.
Daromadlarning ko‘payishi hisobiga ma’lum bir miqdordagi xarajatlarni moliyalashtirishga mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilyapti. Shu munosabat bilan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunining davlat maqsadli jamg‘armalari prognozi va xarajatlari to‘g‘risidagi 3-ilovasiga muvofiq o‘zgartirish kiritilmoqda hamda xarajatlarning ko‘payishi, ya’ni moliyalashtirish miqdori ortishi munosabati bilan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari oshirilmoqda”, – deya ta’kidlagan Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev.
Senat axborot xizmatining xabar berishicha, qonun bilan ushbu qo‘shimcha xarajatlarni qoplash manbalari ham belgilab berilgan. Amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ana shu tadbirlarning davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari taqchilligining tasdiqlangan miqdori doirasida bo‘lishi ham nazarda tutilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oyida ham 2021 yil uchun davlat byudjetiga o‘zgartirishlar kiritilgandi.