Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2022 yillarda Toshkent shahri iqtisodiyotining rivojlanish sur’atini o‘rgandi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar uchun asos yaratgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi keyingi 6 yilda hududlarni uzluksiz rivojlantirishning muhim mexanizmi bo‘ldi.
Ushbu davrni mamlakat va uning hududlari taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqich deyish mumkin: makroiqtisodiy barqarorlik mustahkamlandi, iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atli ta’minlanmoqda, modernizasiya va diversifikasiya qilish hisobiga tarmoqlarning samaradorligi va raqobatbardoshligi oshdi.
Mazkur strategik hujjatni amalga oshirish doirasida Toshkent shahrida ham ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida sezilarli ijobiy natijalarga erishildi.
Belgilangan amaliy chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi tufayli 2017-2022 yillarda Toshkent shahrida iqtisodiyotining yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Jumladan:
➖ yalpi hududiy mahsulot (YAHM) 1,7 marotaba (147,4 trln. so‘m);
➖ sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 1,6 marotaba;
➖ chakana savdo 1,65 marotaba;
➖ xizmat ko‘rsatish 2,3 marotaba;
➖ qurilish ishlari 2,8 marotaba;
➖ investisiyalarni o‘zlashtirish 2,4 marotaba;
➖ eksport hajmi 1,8 marotaba oshdi.
Tadqiqot davomida quyidagi tarmoqlar sanoat va xizmatlar sohasida iqtisodiy o‘sishning asosiy "drayver"lari ekanligi aniqlandi:
➖ sanoat: oziq-ovqat, elektrotexnika, kimyo, qurilish materiallari, metallurgiya, farmasevtika, to‘qimachilik;
➖ xizmatlar: savdo, moliya, transport, aloqa va axborotlashtirish, turizm, qurilish va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar.
Inson kapitali, ishlab chiqarish tarmoqlari va xizmatlar, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish hisobiga islohotlar izchilligi va barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashga qaratilgan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” Toshkent shahri iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.