Bugun 27 iyun, 2025 yil, juma

КИР

10 ta tadbirkorlik sub’ekti va 16 nafar mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilik doirasida chora ko‘rildi

10 ta tadbirkorlik sub’ekti va 16 nafar mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilik doirasida chora ko‘rildi

Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan reklama materiallarining O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga mosligi yuzasidan tizimli ravishda o‘rganish va tahlil ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

O‘rganish natijalari hududlar kesimida
Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarmaning o‘tkazgan jami 990ga yaqin monitoring ishlari davomida o‘zboshimchalik bilan o‘rnatish holatlari aniqlangan tashqi reklama vositalari yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlariga tushuntirish olib borildi. Shundan 390 ta qonun buzilish holati joyida bartaraf etildi hamda 120 tasiga “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mosligi yuzasidan xulosalar berildi.

Misol tariqasida Farg‘ona shahrida joylashgan “Vodiy darxon trans” MCHJ hamda “Zikr Media” MCHJlar tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasi, “Mo’jiza Honeymoon” MCHJ tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasi, “Vodiy Siddiq Travel” MCHJ tomonidan esa mazkur qonunning 17-moddasi talablari buzilish holatlari aniqlandi va ushbu Jamiyatlarga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, Maxsus komissiya tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Mavjud qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan 16 nafar mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan MJtK ning tegishli moddalariga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib sud organlariga yuborildi.
Toshkent viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan viloyatda faoliyat yurituvchi “Maftuna Hazrati Ali”, “YAIIM TRADE”, “NAFTA OIL PARKENT”, “Pure Petrol” MCHJlarga nisbatan maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atildi.

Ishni ko‘rib chiqish natijasida, yuqorida ko‘rsatilgan tadbirkorlik sub’ektlarining har biriga “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 47-moddasiga binoan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Termiz shahridagi tashqi reklamalarning qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda “DAVR BANK” xususiy aksiyadorlik tijorat banki Termiz bank xizmatlar markazi tomonidan ko‘p qavatli uylarning tom qismiga qonun hujjatlariga zid ravishda tashqi reklama joylashtirilganligi aniqlanib, tashqi reklama vositasini qonuniylashtirish choralarini ko‘rish yuzasidan profilaktika xabarnomasi taqdim etilgan.

Biroq, tashqi reklama uchun tegishli pasportni rasmiylashtirish chorasi ko‘rilmaganligi sababli “DAVR BANK” xususiy aksiyadorlik tijorat bankiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi “Madagaskar land” MCHJ tomonidan “Navoiy sahovat manzili” MCHJga tegishli ovqatlanish maskanini kamsituvchi reklamadan foydalanganligi yuzasidan yo‘llagan murojaat o‘rganib chiqildi.

O‘rganishlar natijasida, “Madagaskar land” MCHJ o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida haqiqatan ham “Navoiy sahovat manzili” MCHJga tegishli ovqatlanish maskanini kamsituvchi reklamani joylashtirib, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzganligi aniqlandi. Maxsus komissiya tomonidan “Madagaskar land” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, Jamiyatga nisbatan moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Kiritildi: 10:17 25.06.2025. O'qildi: 426 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!