Bugun 24 noyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni

10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni

1948 yil 10 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 3-sessiyasidagi rezolyusiyasiga binoan, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilingan. 1950 yilda BMT tomonidan ushbu kunni Inson huquqlari kuni sifatida nishonlash belgilandi. Deklarasiya inson huquqlarining fundamental asosi hisoblanib, shu kungacha dunyoning 500 dan ortiq tiliga tarjima qilingan.

Inson huquqlari – har bir davlatning demokratik taraqqiyoti darajasini ko‘rsatuvchi muhim mezondir. Shu bois, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat bo‘ldi. Zero mazkur hujjatda irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy qarashlari, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar har bir insonning yashash huquqi, so‘z va e’tiqod erkinligi, tinchlikka bo‘lgan huquqlari mustahkamlab qo‘yilgan.

Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan milliy qonunchilik me’yorlarida o‘z ifodasini topgan. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar ratifikasiya qilindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda, yurtimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli implementasiya qilinib, bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xususan, ushbu islohotlar quyidagilarda o‘z aksini topmoqda.

Birinchidan, inson huquqlari sohasida konseptual asoslar takomillashtirildi. 2020 yilning 22 iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

Strategiya shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektor faoliyatining ochiqligi va o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, Strategiya din, so‘z va fikr erkinligi, ma’lumot olish, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, gender tenglikni ta’minlash, barchaning sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va migrantlar huquqlarini himoya qilish sohalarida huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishni ko‘zda tutadi.

Ikkinchidan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning institusional asoslari to‘liq qayta ko‘rib chiqildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati tubdan takomillashtirildi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil lavozimlari joriy qilindi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi tashkil etildi.

Uchinchidan, gender tengligi, nogironlar, bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ishlar ko‘lami kengayib, ularning sifati oshirildi. Jumladan, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Senati tarkibida yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.

2021 yilda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikasiya qilindi va unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari tengligi, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishining huquqiy kafolatlari mustahkamlandi.

To‘rtinchidan, inson huquqlarini ta’minlashda fuqarolikni olish va sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar hamda ushbu yo‘nalishlarda yangi amaliyotlarni joriy etilishi katta qadam bo‘ldi. Xususan, O‘zbekistonda 15 yil davomida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolikni qabul qilish tartibi belgilandi. Buning natijasida 70 mingga yaqin shaxslar O‘zbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, afv etish va jamoat birlashmalarining kafilligi ostida shaxslarni jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. Buning natijasida ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning soni 2,5 baravar kamaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasining yopilishi esa xalqaro hamjamiyat e’tiboriga tushdi.

Beshinchidan, O‘zbekiston inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda global hamkorlik tamoyiliga tayanib, xalqaro standartlarni joriy etish esa ustuvor vazifaga aylanmoqda. Bu borada, ayniqsa, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari va Diniy e’tiqod bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining amalga oshirgan tashriflari va takliflari asqotdi.

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga a’zo bo‘lishini esa ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan ham e’tirof etilishi deya baholash mumkin.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida ham inson huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitusiyada bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari ham o‘z aksini topishi zarurligini qayd etdi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, olib borilayotgan islohotlar inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash xizmat qilishi, ayrim huquqlarni himoya qilish esa konstitusiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishidan dalolat beradi. Bu esa, o‘z navbatida, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish yuzasidan qonun hujjatlaridagi kamchiliklar bartaraf etish hamda milliy qonunchilik takomillashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa kompleks chora-tadbirlar tizimi yaratishni taqazo etadi.

Temur AHMEDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i

Kiritildi: 09:48 10.12.2021. O'qildi: 3748 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!