Bugun 10 oktyabr, 2025 yil, juma

КИР

Qora dengiz: yashil go‘zallik va shifobaxsh buloqlar maskani

Qora dengiz: yashil go‘zallik va shifobaxsh buloqlar maskani

Tabiat — dengiz, qum va quyosh ta’tilidan zerikkanlar, jazirama issiq hamda shahar shovqinidan qochib, ochiq havoda hordiq chiqarmoqchi bo‘lganlar uchun eng yaxshi “davo”. Qora dengiz platosi tabiat bilan uyg‘unlashish mumkin bo‘lgan ana shunday xushmanzara maskanlardan biridir.

Ayder platosi: shifobaxsh issiq buloqlar

Qora dengiz deganda aqlga keladigan ilk plato bu Ayder yassitekisligidir. Kachkar tog‘lariga yastangan Ayder platosi sarg‘ish qizil tusga kiruvchi grab, kashtan, archazor hamda qayin o‘rmonlarining orasida va dengiz sathidan1350 metr balandlikda joylashgan. Bu yerda turar joy imkoniyatlari juda ko‘p. Xususan, Qora dengiz mehmonxonalari, bungalovlar yoki pansionatlarda qolish mumkin. Plato, shuningdek, termal buloqlari bilan mashhur. Usmoniylar davrida ko‘plab odamlar shifo izlab shu buloqlarga kelishgan.

Pokut platosi: tumanli maskan

Pokut Qora dengizning eng maftunkor platolaridan biridir. U tumanli landshaftlari va o‘ziga xos yog‘och uylari bilan boshqa platolardan ajralib turadi. Qarag‘ay o‘rmonlari bilan o‘ralgan plato o‘zining boy biologik xilma-xilligi va noyob me’morchiligi bilan barchani jalb qilmoqda.

Gito platosi: bulutlar bag‘riga sayohat

Rizedan 25 daqiqa va Chamlihemshindan 2 soat uzoqlikda, dengiz sathidan esa 2070 metr balandlikda joylashgan Gito yaassitog‘ida inson o‘zini huddi bulutlar ustida suzib yurgandek his qiladi. Oyoqlar ostiga oq gilamdek to‘shalgan va bulutlar orasidan sizib o‘tuvchi yashil va moviy ranglarning uyg‘unligi ko‘zni quvontiradi. Bu yerda Qora dengizga xos yaylov uylari bor. Gito platosiga boradigan yo‘lda 750 metr balandlikdagi ulkan qoya ustiga qurilgan Zil minorasini ham ziyorat qilishni unutmang!

Anzer platosi: dunyoga mashhur anzer asalining markazi

Rizening Ikizdere tumanida, shahar markazidan taxminan ikki soatlik masofada joylashgan Anzer platosi yozda turfa xil yashil, qishda esa sariq va qizil ranglarga burkangan betakror tabiatga ega. Tabiat qo‘ynida sayr qilish, paraplanda uchish kabi ochiq havo mashg‘ulotlari ham bor. Nomidan ko‘rinib turibdiki, bu yerda yuzlab turdagi gullardan dunyoga mashhur anzer asali olinadi.

Kumbet platosi: ulug‘vor tabiat

Kumbet dengiz sathidan 1640 metr balandlikda joylashgan eng jozibali plato hisoblanadi. Mavsumdan qat’iy nazar, plato to‘rt faslning noyob tajribasini taqdim etadi. Chikrikkapi platosida Xitoy va Hadrian devori kabi insoniyat qo‘li bilan qurilgan dunyodagi eng katta devorlardan biri tarixiy Hoji Abdulloh devori bor. Devorning uzunligi 6,5 km, balandligi esa 1,5 metr bo‘lib, bundan 400 yil avval bunyod etilgan. So‘nggi paytlarda tez-tez tilga olinayotgan Mavi ko‘l ham bu yerda ko‘rish mumkin bo‘lgan tabiiy go‘zalliklardan biridir. U “Sodali ko‘l” nomi bilan ham tanilgan va uchta ko‘lning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Ma’lumki, bu ko‘l Sharqiy Qora dengiz mintaqasida sodali suv daryoda oqadigan yagona joy hisoblanadi.

Kafkaso‘r platosi: buqalar jangi

Kafkaso‘r dengiz sathidan 1250 metr balandlikda joylashgan. Har yil iyul oyining birinchi haftasida bu yerda Kafkaso‘r madaniyat va san’at festivali bo‘lib o‘tadi. Festival Buqalarni asrash va yaylovlarni muhofaza qilish uyushmasi tomonidan tashkil etilib, unda buqalarning kurashini hamda “atabarı” deb ataluvchi folklor bayramlarini tomosha qilish mumkin. Bundan tashqari, Jiskaro, Yalnizhasan va Ajisu kabi shifobaxsh buloqlar ham mavjud.

Pershembe platosi: paraplanda uchish zavqi

Pershembe platosi noyob meanderlari (daryo sirtmoqlari) bilan e’tibor qozondi. Plato dengiz sathidan1500 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, u safari yoki parashyutda uchish kabi faoliyatlar uchun mukammal imkoniyatlar taqdim etadi. Ordu Pershembe platosi iyul oyida turli festivallarga ham mezbonlik qiladi.

Huser platosi: quyosh botishi va tuman uyg‘unligi

Qora dengiz manzaralari har doim jozibali, ammo takrorlanmas quyosh botishi Huser platosiga xosdir. Ushbu pasttekislik Turkiyaning eng baland tog‘laridan biri bo‘lgan Kachkar etaklarida joylashgan. Osmono‘par arg‘imchoqlar va kislorodga boy toza atmosfera unutilmas xotiralar qoldirishiga shak-shubha yo‘q!

Sulton Murod platosi: boy tarix va tabiat

O‘zining tabiiy go‘zalligi bilan barchani hayratga soladigan Sulton Murod platosi tarixiy ahamiyatga ega. Usmonli sultoni Murod IV va uning qo‘shini 1635 yilda Fors yurishidan qaytgach, shu yerda tunab qolishdi. Bu yerda 1916 yilgi Birinchi jahon urushida Rossiya bilan urushda halok bo‘lgan askarlar uchun shahidlar qabristoni ham bor.

Kiritildi: 10:22 07.10.2025. O'qildi: 601 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!