BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) ma’lum qilishicha, Isroilning G‘azoga qarshi 23 oylik urushi 660 ming bolani ketma-ket uchinchi yil ham maktabdan mahrum qilmoqda.
UNRWA yozma bayonotida G‘azodagi holat "bolalarga qarshi urush" sifatida baholanib, uni to‘xtatishga chaqirildi:
"Bolalar doimo himoyada bo‘lishi kerak", — deyiladi bayonotda.
Agentlik bolalarning ta’lim olish huquqi buzilayotganini ta’kidlab, ular "yo‘qolgan avlod"ga aylanishi xavfidan ogohlantirdi va o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi.
Falastinning Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi ma’lum qilishicha, G‘arbiy sohilda sentyabr boshida yangi o‘quv yili boshlanadi, ammo G‘azodagi 700 mingga yaqin o‘quvchi ikki yildan beri o‘qishdan mahrum bo‘lgan. Ulardan 70 ming nafar yosh o‘quvchi ikki yildirki o‘rta maktabga qadam qo‘ya olmagan.
Vazirlikning 2023 yil 7 oktyabrdan 2025 yil 26 avgustgacha bo‘lgan ma’lumotlariga ko‘ra:
Isroil hujumlari natijasida 17 mingdan ortiq maktab o‘quvchisi va 1261 nafar universitet talabasi halok bo‘lgan.
25 mingdan ziyod bola va talabalar yaralangan.
G‘arbiy sohilda esa 108 maktab o‘quvchisi va 35 talabaning hayotiga zomin bo‘lingan, yuzlab yoshlar yaralangan yoki hibsga olingan.
Shuningdek, ta’lim sohasi xodimlari orasida ham katta yo‘qotishlar qayd etilgan:
G‘azoda 739 maktab o‘qituvchisi va 226 universitet ustozi o‘ldirilgan.
Mintaqada minglab o‘qituvchi va professorlar yaralangan yoki qo‘lga olingan.
2023 yil oktyabridan buyon Isroil armiyasi AQSh ko‘magida G‘azoda ommaviy qirg‘in, ochlik, vayronagarchilik va majburiy ko‘chirish amaliyotlarini davom ettirmoqda. Xalqaro sudning ko‘plab chaqiriq va qarorlariga qaramay, hujumlar to‘xtamay kelmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha 63 371 falastinlik halok bo‘lgan, 159 835 kishi yaralangan, 9 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qolgan. Yuz minglab aholi uyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan, ochlikdan esa 332 nafar odam, jumladan 124 bola hayotdan ko‘z yumgan.