O‘n minglab isroillik faollar Tel-Aviv ko‘chalariga chiqib, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukumatidan G‘azo shahrini bosib olish rejasidan voz kechishni, zudlik bilan otishmalarni to‘xtatish va asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishishni talab qildilar.
Namoyishchilar Isroil muzeyi oldida to‘planib, maydonni “Garov maydoni” deb atashdi. Ular qo‘llarida AQSh prezidenti Donald Trampka murojaat qilingan plakatlarni ko‘tarib chiqishdi: “Tramp, tarix yarating!” — degan da’vat bilan AQShni G‘azodagi tinchlik jarayoni va asirlarni ozod qilishda yordam berishga chaqirdilar.
Namoyishda so‘zga chiqqanlar orasida asirda bo‘lgan Avinatan Orning akasi Moshe Or ham bor edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi asosiy ustuvor vazifa — “zudlik bilan keng qamrovli otishmalarni to‘xtatish va asirlar almashinuvini amalga oshirishdir”.
Faollar, shu jumladan mashhur aktyor Lior Ashkenazi, kechki soat 18:00 da yig‘ilishi kutilgan vazirlar mahkamasini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, hukumat “asirlar masalasini muhokama qilishdan qochmoqda”. Ashkenazi yuzlab namoyishchilarni bugun kechqurun Knesset binosi oldiga yig‘ilishga chaqirdi.
Shu bilan birga, jurnalistlarning qayd etishicha, bu galgi namoyishlarda ishtirokchilar soni o‘tgan hafta va avvalgi oylarga nisbatan kamroq bo‘ldi. Tel-Avivdan tashqari, Hayfa va G‘arbiy Quddusda ham Netanyaxu hukumatiga qarshi aksiyalar o‘tdi.
Ishg‘ol rejasi
8 avgust kuni Isroil Xavfsizlik kengashi G‘azo shahrini bosib olish rejasini ma’qulladi. Netanyaxu bu qarorni armiya rejasi sifatida qo‘llab-quvvatladi. Birinchi bosqichda taxminan 1 million falastinlik janubga ko‘chirilishi, shundan so‘ng shahar o‘rab olinishi va kuchli hujumlardan keyin ishg‘ol qilinishi kutilmoqda.
Isroil 1967 yildan 2005 yilgacha, 38 yil davomida G‘azo sektorida ishg‘olchi kuch sifatida qolgan. Hozir esa 18 yildan beri qattiq blokada ostida yashab kelayotgan G‘azoda 2,3 million falastinlik istiqomat qiladi. BMT hisobotlariga ko‘ra, hozir mintaqada ochlik va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha keskin inqiroz yuzaga kelgan.