Bugun 3 sentyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Qirg‘izistonda bir toifa universitetlar faoliyati cheklandi

Qirg‘izistonda bir toifa universitetlar faoliyati cheklandi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tibbiy sohada mutaxassislar tayyorlashda davlat monopoliyasini o‘rnatish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.

Mazkur hujjatga asosan, Isa Oxunboyev nomidagi Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasiga tibbiy ta’lim bo‘yicha alohida huquq taqdim etilgan.

Ushbu islohot mamlakatda tibbiy yo‘nalishdagi xususiy oliy ta’lim muassasalari (OTM) soni oshib ketgani va ularning aksarida ta’lim darajasi past ekani bilan izohlanmoqda.

Qayd etilishicha, aksar xususiy oliy ta’lim dargohlari klinik bazaga ega emas, pedagog-o‘qituvchilar esa tegishli talablarga to‘la javob bermaydi. Bitiruvchilarga maxsus amaliyotsiz diplom berish holatlari ham ko‘paygan. Oqibatda yetarli bilimga ega bo‘lmagan bitiruvchilar soni ortib bormoqda. Bu hol Qirg‘iziston ta’lim tizimining xalqaro maydondagi obro‘siga soya solmoqda.

Yangi tartibga muvofiq, 2026 yil 1 iyunga qadar barcha xususiy tibbiy OTMlari davlat akkreditasiyasidan o‘tishi lozim. Kelgusida xususiy OTMlari Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasining filiali yoki bo‘linmasi sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Akkreditasiyadan o‘tmagan ta’lim muassasalari esa tayyorlov kurslari yoki akademiya huzuridagi klinik baza sifatida ishlashi mumkin bo‘ladi.

Mamlakat hukumatiga 2026 yilning 1 yanvariga qadar esa tibbiyot va farmasevtika mutaxassisligi bo‘yicha yagona davlat standartini ishlab chiqish vazifasi yuklangan.

Qirg‘iziston rasmiylari ushbu o‘zgarishdan ko‘zlangan maqsad tibbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, korrupsiya xatarini kamaytirish, milliy sog‘liqni saqlash tizimi hamda mamlakat xalqaro obro‘sini muhofaza etish ekanini ta’kidlagan.

OAV xabariga ko‘ra, Qirg‘izistondagi xususiy oliy ta’lim maskanlarida asosan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari vakillari tahsil oladi.

2020 yilda Pokiston Qirg‘izistonning tibbiy OTMlarini qora ro‘yxatga kiritgandi. Bunga Qirg‘izistonda o‘qib qaytgan 90 foiz talaba Pokistonda o‘tkazilgan imtihonlardan yiqilgani sabab bo‘lgandi.

Avval xabar berganimizdek, yaqinda Qirg‘iziston maxsus xizmatlari o‘tkazgan korrupsiyaga qarshi tekshiruvdan so‘ng 20 mingdan ortiq talaba, jumladan, xorijliklar OTMlaridan haydalgan.

Ma’lumotlariga ko‘ra, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, O‘zbekiston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan kelgan xorijlik talabalar asosan O‘sh va Bishkek shaharlaridagi tibbiyot bilim yurtlarida tahsil olgan.

Kiritildi: 16:49 31.08.2025. O'qildi: 610 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!